Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov Xitoy davlatidan kelgan investorlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov hurmatli Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun barcha qulay sharoitlarni yaratish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar bu boradagi chora-tadbirlar ko‘lamini yangi bosqichga ko‘tarayotganini alohida ta’kidladi. O‘z navbatida Xitoylik investorlar ham yurtimizda tadbirkorlarga berilayotgan ulkan imkoniyatlar haqida o‘zlarining ijobiy fikrlarini bildirib o‘tdi. Uchrashuv davomida Respublikamizda jun va terini qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxona tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlik shartlari, texnologik jarayonlar va investitsiya miqdori yuzasidan fikr almashdi. Xitoylik investorlar ushbu loyihaning salohiyatini yuqori baholab, zamonaviy texnologiyalar va yuqori sifatli uskunalarni joriy etish orqali mahalliy ishlab chiqarish samaradorligini oshirishni taklif qildi. Shuningdek, yangi korxonada ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy xomashyoni samarali qayta ishlash imkoniyati paydo bo‘lishi ta’kidlandi. Ushbu tashabbus orqali jun va charm mahsulotlarini qayta ishlash sanoati yangi bosqichga ko‘tarilishi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga zamin yaratilishi kutilmoqda.