Xitoylik investorlar bilan muvaffaqiyatli uchrashuvlar
Oldin xabar berganimizdek Qoraqalpoǵiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Xitoy davlatining yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o’tkazishdi. Tashrif davomida Xubey provinsiyasining Uxan shahrida “CSADI” Co., Ltd. (Central-South Architectural Design Institute) kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi hamda Nukus shahrida 40 ta ko’p qavatli turar joy binosini qurish bo’yicha muzokaralar olib borildi. Shundan, 2025-yilda 20 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Xo’jayli tumanida “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil etish bo’yicha bitimni imzolashga kelishib olindi. Delegatsiyamiz a’zolari Shandun provinsiyasining Szinan shahrida bo’lib, turli investitsiya kompaniyalari va tashkilotlari bilan muzokaralar tashkil etildi. “Shuifa Agriculture Group” Co.,Ltd kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda “Paxta sanoatining namoyish kompleksi” loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Muzokaralar davomida paxta sanoati kompleksini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Navbatdagi manzil Szibo shahridagi Sog‘liqni saqlash sohasida yuqori texnologiyalar hududi bo‘lgan “Shitsyao tibbiyot markazi”ga tashrif buyurib, u yerda delegatsiya a’zolari asosan kam ta’minlangan oilalar uchun tashxis qo‘yish orqali kasalliklarning oldini olish (profilaktika) bo‘yicha yaratilgan tizim bilan tanishdi. Bu esa o‘z navbatida kasalliklarning oldini olish, dori-darmonlarga sarflanadigan xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi. Delegatsiyamiz a’zolari Yunnan Provinsiyasida bo’lib, ulgurji savdo va turli tovarlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi “Yiwu Basmalla” Co.Ltd” kompaniyasi, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va shinalar ishlab chiqaruvchi “Teng Long” Co. ltd kompaniyasining faoliyatlari bilan yaqindan tanishishdi va O‘zbekiston mahsulotlarini Dali shahriga yetkazib berish, avtomobillar uchun butlovchi qismlar va shinalarni Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarishni o‘zlashtirish masalasini ko‘rib chiqdilar. Tashrifning navbatdagi kuni delegatsiyamiz a’zolari ishtirokida Xitoyning 80 dan ortiq yirik kompaniyalari ishtirokida biznes forum tashkil etildi. Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Shundan so‘ng Xitoyning 20 dan ortiq kompaniyalari bilan B2B muzokaralari o‘tkazildi.