Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun harbiy obyektlarga press-tur tashkil etildi


Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi tashabbusi bilan harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi masalalariga boʻlgan eʼtiborni namoyish etish, shuningdek, mudofaa sohasida axborot siyosati ochiqligini taʼminlash maqsadida Nukus garnizonida joylashgan Mudofaa vazirligining bir qancha harbiy obyektlariga press-tur tashkil etildi.
Zamonaviy dizayn asosida qurilgan va aholiga xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan ushbu binoda navbatchilikni oʻtash uchun xona, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus joy, chaqiriluvchilar va hisobda turuvchilar haqida elektron maʼlumotlar bazasini yuritish xonasi hamda 30 ta xizmat xonasi mebel, “qish-yoz” tizimida ishlaydigan sovutish tizimlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan toʻliq jihozlandi. Keyingi manzil Nukus garnizonidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazi boʻldi. Majmuada 20 ga yaqin mashgʻulot xonasi, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi oʻgitlari, qahramonliklarini oʻzida namoyon etuvchi tematik sinflar, 120 oʻrinli anjumanlar zali, badiiy adabiyot, oʻquv qoʻllanmalar va elektron nashrlarga boy kutubxona, Internet global tarmogʻiga ulangan kompyuter sinfi, kompyuterlashtirilgan panoramali oʻq otish sinfi, zamonaviy sport anjomlari va yopiq turdagi zalga ega boʻlgan sport majmuasi hamda tibbiyot punkti bugungi kun talablari asosida jihozlandi. Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlariga, harbiy xizmatchilarning xizmat oʻtash sharoitlarini yaxshilashga qaratilayotgan eʼtibor tufayli bugungi kunga kelib koʻplab harbiy obyektlar, dala-oʻquv maydonlarining infratuzilmasi butkul yangicha qiyofa kasb etib, zamonaviy koʻrinishga ega boʻlmoqda. Press-tur yakunida ommaviy axborot vositalari xodimlari SCHR xizmatchilari va markaz oʻquvchilari bilan suhbatlashib, ular bilan birga harbiycha tushlik qilishdi.