O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasida baliqchilik yo‘nalishidagi tadbirkorlar bilan uchrashuvi bo’lib o’tti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2024-yil 16-dekabrda banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig’ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi sifatida Markaziy bank tomonidan bugun baliqchilik yo‘nalishidagi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Shu asosda, bugun Qoraqalpog’iston Respublikasi Nukus shahrida savdo-sanoat palatasi binosida baliqchilik yo‘nalishidagi tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tti. Uchrashuvda Markaziy bank raisi o‘rinbosari A.Kamalov, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari N.Erlepesov, shuningdek, sohaga aloqador ma’sullar, hamda tadbirkorlar ishtirok etishdi. Mazkur uchrashuv maqsadi, hududda baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishda banklar tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbikorlar faoliyati doirasida bank tizimiga tegishli masalalarni ko‘rib chiqish hisoblanadi. Uchrashuvda baliqchilik sohasidagi mavjud muammolar, investitsiyaviy imkoniyatlar va rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirkorlarga sohani moliyalashtirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va baliqchilik hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Shuningdek mazkur uchrashuvga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va “Turon bank” ATB vakillari taklif etilgan. Bugungi kunda hududda 19 ta tadbirkorlik sub’ektlariga baliqchilik yo‘nalishiga 15,3 mlrd so‘m kredit ajratildi va loyihalarni ishga tushirish orqali 53 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shu bilan birga, uchrashuv davomida tadbirkorlar va soha vakillari bilan baliqchilik yo‘nalishini rivojlantirish yuzasidan takliflar tinglandi va tajribalar almashildi. Tadbir doirasida, Markaziy bank va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlarga kredit dasturlari va imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Baliqchilik tarmog’idagi loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish va hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida fikr almashildi.