O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda Nukus shahridagi “Yoshlar markazi”da “Loyihalash va qurilish tashkilotlarining reytinglarda ishtiroki va xatolari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda Nukus shahridagi “Yoshlar markazi”da “Loyihalash va qurilish tashkilotlarining reytinglarda ishtiroki va xatolari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Dauletiyarov ishtirok etdi va tadbirni boshqarib bordi. Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, vazirlik huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi mutaxassislari, tadbirkorlar va quruvchilar ishtirok etdi. Ma’lumki,Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi qurilish va kommunal sohani raqamlashtirish faoliyatini olib boradi. Markaz tomonidan yaratilgan platformalar orasida qurilish–pudrat tashkilotlari reytingi alohida ahamiyatga ega. Mazkur tizim inson omilisiz ishlaydi. Asosiy maqsad esa qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash hamda qog’ozbozlik va korruptsiyaga chek qo‘yishdan iborat. Qurilish–pudrat tashkilotlari nima uchun reytingda ishtirok etishi zarur? Maqsad quruvchi-pudrat tashkilotlari o‘rtasida yolg’on va noto‘g’ri ma’lumotlar tarqalishini oldini olish, shaffoflik va ishonchlilikni ta’minlash bo‘lgani uchun ham ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish istagidagi har bir tashkilot reytingda ishtirok etishi shart. Aholining xavfsizligini ta’minlash uchun ham ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan maktab, bog’cha, yo‘l va suv inshootlari qurilishi va ta’mirlanishini munosib nomzodga topshirishda mazkur reyting ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratiladi. Eng muhimi, loyihalash va qurilish tashkilotining faoliyat turining samaradorligi va nufuzini belgilaydigan ushbu reytingda ishtirok etish jarayoni sodda va oson, ya’ni qulay shaklda ishlangan. U ortiqcha qog’ozbozlik yoki ovoragarchilikni talab etmaydi. Tadbirkor Reyting.mc.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tib, IIN raqami bilan ariza yuborgan holda reyting ishtirokchisiga aylanadi. Reytingdagi mezonlar va baholash metodikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tayyorlanadi. Hozirda reytingda 17 mingdan ortiq korxona ishtirok etmoqda va uning mingtadan ortig’i Qoraqalpog’iston Respublikasiga to‘g’ri keladi. Qurilish-pudrat tashkilotlari reyting natijalari ishonchlilik toifasi bo‘yicha A, B, C, D darajalarida toifalanadi. DDD reytingi eng past ishonchlilik darajasi sifatida aniqlanadi va yuqori darajadagi xavfni anglatadi, ya’ni ishonchlilik darajasi 7% dan 20% gacha. AAA reytingi yuqori darajadagi ishonchlilik sifatida tavsiflanadi va minimal xavfni anglatadi, ya’ni ishonchlilik darajasi 85% dan 100% gacha. Tender savdolari aynan mazkur reyting natijalariga ko‘ra o‘tkaziladi va tabiiyki, savdolarda reytingi yuqori tashkilotlar ustunlikka ega bo‘ladi. Reytingda qurilish-pudrat tashkilotining ishonchliligini aniqlash uchun malakali mutaxassislar, moliyaviy ko‘rsatkichlar, bajarilgan ishlarning sifati, ish tajribasi, texnik baza va raqobatbardoshlik kabi mezonlar asosida ballar belgilangan bo‘lib, etarlicha ball yig’ish imkoniyati tashkilotning o‘ziga bog’liq. Reyting mezonlariga muvofiq, korxonada maxsus texnikalar mavjud bo‘lganda va korxona hisobotlari, ma’muriy xo‘jalik faoliyati to‘g’ri tashkil etilganda yuqori reytingga erishishi mumkin. Bugungi o’tkazilgan matbuot anjumanida OAV vakillari shu va shunga o’xshash sohaga oid savollariga mutaxassislar tomonidan javoblar olishdi.