Nukus shahrida «Tamaddun, madaniyat va ma’rifat» mavzusida «Ma’rifat karvoni» ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ’ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, ma’rifat har bir jamiyatning rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Inson ongi va dunyoqarashining shakllanishiga ta’sir etuvchi bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar nafaqat yosh avlod, balki katta yoshdagi fuqarolar uchun ham juda muhimdir. Shu munosabat bilan Nukus shahrida Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda «Tamaddun, madaniyat va ma’rifat» mavzusida «Ma’rifat karvoni» ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ’ibot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davlatimiz rahbarining joriy yil 18-20 noyabrdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag’ishlangan majlisidagi nutqi mazmun-mohiyatini ziyolilar ishtirokida keng ommaga etkazishda muhim ahamiyat kasb etdi. Qolaversa, Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi taraqqiyotini barpo etish, yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilgan ishlar, oldimizda turgan muhim vazifa va maqsadlar, keng qamrovli islohotlar xususida to‘liq ma’lumot berish va ziyolilar o‘rtasida keng targ’ib etildi. Ushbu tadbirlardan aholi, xususan yoshlarga «O‘zbekiston–2030» strategiyasining mazmun-mohiyatini tushuntirish, buyuk ajdodlar merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirish, millatlararo totuvlik, bag’rikenglikni ta’minlash, yurtdoshlarimizning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg’ularini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. «Ma’rifat karvoni» ilmiy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarining o‘ziga xos jihati shundaki, hududlardagi olimlar, ziyolilar, san’at va madaniyat namoyondalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlarga mas’ullar, mahalla faollari hamda ilg’or yoshlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mamlakatimizning milliy-mafkura yo‘nalishidagi islohotlari, jamiyatni, ayniqsa yoshlarni buzg’unchi g’oyalardan himoya qilishda ziyolilarni faollikka undash, ular uchun muloqot platformasini yaratishdan iborat. Aynan ziyolilarni mazkur ishga keng jalb qilish orqali, xalqimiz orasida o‘zlikni anglash va tarixiy ildizimizga oid bilimlarni oshirish maqsad qilingan.