Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov Xitoy Xalq Respublikasining CSADI (Central South Architectural Design Institute Co.Ltd) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov Xitoy Xalq Respublikasining CSADI (Central South Architectural Design Institute Co.Ltd) kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 avgustdagi PF-129-son Farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ni tashkil etish nazarda tutilgan hamda bu bo‘yicha Prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanining qulay joylaridan biri Nukus-Qo‘ng‘irot avtomagistrali bo‘yida “Samanko‘l” OFY hududidagi 152 gektar yer maydonida tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha konsepsiyasi Xitoy Respublikasining CSADI (Central South Architectural Design Institute Co.Ltd) kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi. Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov loyiha taqdimoti bilan yaqindan tanishdi. Taqdimot davomida eng so‘nggi texnologiyalar, ekologik xavfsizlik me’yorlari, yangi dizayn yechimlari va zamonaviy infratuzilma loyihalari haqida ma’lumot berildi. O‘z navbatida Vazirlar Kengashi Raisi o‘zaro qo‘shma loyihalarni yanada rivojlantirish va ularni amalga oshirishda doimo qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.