Muxtor Avezov nomidagi Qozoq milliy drama teatri 6-8 sentyabr kunlari Respublikamizga ijodiy tashrifini amalga oshirmoqda.


Muxtor Avezov nomidagi Qozoq milliy drama teatri jamoasi 6-sentabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri oldida tantanali kutib olindi. Teatr foyesida tashkil qilingan “Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston teatr san’atining do‘stligi” mavzusidagi ko‘rgazma bilan yaqindan tanishdilar. Shundan so‘ng teatr jamoasining ijodiy tashrifiga bag‘ishlangan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani boshlandi.  Matbuot anjumaniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi axborot xizmati rahbari Bektursin Xo‘janov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi sektor rahbari Bayram Aytmuratov, M.Avezov nomidagi Qozoq milliy drama teatri direktori Juasbek Erkin Tileuqul o‘g‘li, mazkur teatr rejissyori Elik Nursulton hamda teatr ijodiy jamoasi va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari o‘rtasidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy aloqalar mustahkamlanib, xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stlik va qardoshlik rishtalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, san’at va madaniyat sohasida o‘zaro hamkorlik, tajriba almashish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri joriy yilning aprel oyida Qozog‘iston Respublikasida gastrol safarida bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari vakillari Teatr jamoasi va mutasaddilardan ijodiy tashrif bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Ijodiy safar davomida teatr jamoasi 6-sentabr kuni soat 17:00 da G‘abit Musirepovning “Qız Jibek” musiqali dramasini, 7-sentabr kuni soat 17:00 da Akademik teatrda, 19:30 da Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida Aleksandr Volodinning ” Xoshlasqım kelmeydi!” dramasini, 8-sentabr kuni soat 17:00 da Sáwle Dosjanovaning “Muhabbat penen hásiret” dramasini tomoshabinlarga taqdim etadi.