To‘rtko‘lda chigit ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
Bugun To‘rtko‘l tumanidagi «Namunali Timur» fermer xo‘jaligida joriy yilning hosili uchun chigit ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov, To‘rtko‘l tumani hokimi R.Shamuratov hamda respublikadagi soha mas’ullari, paxta klasterlari korxonalarining rahbarlari, tegishli vakillar va tumandagi sektor hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari qatnashdi. Chigit ekish bo‘yicha ko‘rgazmali seminar oldidan Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov va soha vakillari ishtirokida nuroniy otaxonlar duosi bilan yerga urug‘ sepildi va ekish ishlari boshlab yuborildi. Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F. Ermanov, tuman hokimi R.Shamuratov hamda soha mas’ullari so‘zga chiqdilar. Bugungi o‘tkazilgan tadbirda chigit ekishni belgilangan muddatlarda optimal usulda olib borish lozimligi ta’kidlandi. Shu bilan birgalikda chigit ekishda dehqon va fermerlar ahamiyat berishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar bo‘yicha tavsiyalar berildi. Seminar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F. Ermanov hamda mas’ullar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt nihollari ekildi. Shuningdek, ko‘rgazmali seminarda zamonaviy hamda yuqori unum bilan ishlovchi texnika vositalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ma’lumot uchun joriy yilda 205 ta fermer xo‘jaliklarida 8300 gektar maydonga chigit ekish rejalashtirilgan.