“Navro‘z – Qutlug’ Bayram! Tantanalarni ko‘tarinki ruxda o‘tkazish rejalari belgilab olindi!”
Bugun Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamraev ishtirokida yig’ilish o‘tkazildi. Qoraqalpog’iston Respublikasidagi vazirlik, idora tashkilotlar rahbarlari hamda hududlardagi studiyalardan tuman hokimlari hamda tegishli mas’ullar qatnashgan yig’ilishda 2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama etildi. Ta’kidlanganidek, sharqona yangi yil sanalgan kun — Navro‘zi olam asrlar davomida mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida xalqimiz hayotida beqiyos o‘rin tutib kelmoqda. Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g’risida”gi qarorida joriy yil ushbu bayram mamlakatimizda «Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» degan bosh g’oya asosida keng nishonlanishi belgilab qo‘yildi. Vazirlar Kengashida o‘tkazilgan yig’ilishda yaqinlashib kelayotgan Navro‘z umumxalq bayramiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Respublika ishchi guruhi shakllantirilgani va ular shahar va tuman markazlari, qishloq aholi punktlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek, yangi tizim asosida aholining tomorqa erlaridan samarali foydalanishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish va ko‘maklashishlari ta’kidlab o‘tildi. Yig’ilishda «Kambag’allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida aholining tomorqa maydonlarini suv bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hududdalrdagi mas’ullarning axborotlari eshitildi hamda bu boradagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, bahorgi obodonlashtirish va “Yashil makon” dasturi, kanallar, ichki ariqlarni betonlash hamda jamoat joylari, shu jumladan qabristonlarni obodonlashtirish, tozalash bo‘yicha hasharlar tashkil etish masalalari ham muhokama etilib, amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab olindi.