Vazir boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Hindistonda xizmat safarida bo‘ldi.
Tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlik va xorijiy tajribani yurtimizga olib kirish bo‘yicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 20-25-fevral kunlari oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Kurbonov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Hindiston davlatida xizmat safarida bo‘ldi. Yurtimizdan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari ko‘pchilikka ma’lum “Sharda Hospital” klinikasi direktori janob Gopta tomonidan iliq kutib olindi va u yerda tajribali shifokorlar va boshqa mutaxassislar bilan fikr almashib, klinikada yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishib chiqdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri M.Kurbonov xizmat safari davomida “Sharda Hospital” klinikasi direktori janob Gopta bilan sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish maqsadida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzoladi. – Memorandumga asosan yurtimizda bir qancha ijobiy ishlar amalga oshiriladi. Ya’ni, shunday masofaviy hamkorliklar doirasida, xorijiy tibbiyot tajribasini yurtimizda qo‘llash va tibbiyot xodimlarini chet ellarda o‘qitib, tajribalarini oshirish ko‘zda tutilgan. Shunday ekan, bunday xizmat safarlari bir tomondan xorijiy hamkasblarimiz bilan tajriba almashish bo‘lsa, ikkinchi tomondan tibbiyot turizmining rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Albatta, rivojlangan tibbiyot bor joyda, bemorlar uchun ham har tomonlama imkoniyatlar yaratiladi. Mamlakatimizda tibbiyot qanchalik rivojlansa, fuqarolar uchun qulayliklar bo‘ladi, – deydi vazirlikning investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat-xususiy sheriklik va autsorsingni rivojlantirish sektori bosh mutaxassisi Zamira Paluaniyazova.