Investitsiya loyihalari soha rivoji uchun muhim ahamiyatga ega.


Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Vazirlar Kengashining Raisi Farhod Ermanov bilan birgalikda, Rossiya Federatsiyasidan kelgan kompaniya vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida yangi va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, xususan, Amudaryo tumanida kartoshka yetishtirish, meva yetishtirishga ixtisoslashgan bog‘ yaratish hamda ularni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi. Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov, Rossiya kompaniyasi vakillaridan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni tingladi. Uchrashuv davomida kompaniya vakillari Shumanay tumanida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klaster tashkil etish hamda Taxtako‘pir tumanida chorvachilik kompleksini yaratish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Nukus tumanida zamonaviy parrandachilik kompleksi, Qonliko‘l tumanida esa texnik kannabis o‘simligini yetishtirish, Kegeyli tumanida investitsiya loyihasi doirasida kartoshka va qizilmiya o‘simliklarini yetishtirish, shuningdek, ushbu tumanda pyure va meva-poliz sharbatini ishlab chiqarish loyihalari ham taqdimot qilindi. Muloqot davomida Farhod Ermanov kompaniya vakillariga Bo‘zatov va Taxtako‘pir tumanlaridagi chorvachilik komplekslariga borishni taklif qildi. O‘z navbatida, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarish, uni qayta ishlash va boshqa tarmoqlardagi loyihalar istiqbolli bo‘lishi, har bir qadam aniq hisob-kitoblarga asoslanishi va hududning iqlim sharoitlariga mos olib borilishi zarurligini ta’kidladi. Qoraqalpog‘iston sharoitida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi quvvatlarni ishga tushirish istiqbolli ekanligi ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida Rossiyalik investorlar O‘zbekiston bilan istiqbolli hamkorlik aloqalari o‘rnatilganini, yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish esa bu hamkorlikni yanada mustahkamlashga zamin yaratishini ta’kidladi.