Ochiqlik – korrupsiyaning oldini oladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan vazirlik va tashkilotlarda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy tahdidlarning oldini olish va bartaraf etish, sohada zamonaviy korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda tegishli vazirlik va tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari mas’ul xodimlari, axborot xizmatlari rahbarlari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi xodimlari ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i B.Matmuratov va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga keng to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan kuchli siyosat natijasida mamlakatimizda so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Kengash Prezidiumining qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish departamenti tashkil etildi. Mazkur ichki nazorat bo‘limi tomonidan xalqaro standartlar asosida korrupsiyaga qarshi menejment tizimi joriy etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki hujjatlar ishlab chiqilib, Vazirlar Kengashining maxsus qarori bilan Vazirlar Kengashining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Siyosati, Korrupsiyaviy tahdidlarni baholash metodologiyasi, Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha Nizom, Aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy harakatlarni boshqarish bo‘yicha Nizom, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. kelib tushgan xabarlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish Reglamenti, xodimlarning etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qishini tashkil etish bo‘yicha hamda boshqa qo‘llanma va rejalar tasdiqlandi, – deydi Vazirlar Kengashining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi bosh mutaxassisi Q.O‘temuratov. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlar belgilanib, barcha shahar va tuman markazlaridagi LED ekranlarda videoroliklar, bilbordlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantiruvchi targ‘ibot materiallari berib borilmoqda. Yil davomida shahar va tumanlar hokimliklari xodimlari bilan onlayn va oflayn shaklda uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda. Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan rasmiy veb-saytlarga joylashtirilishi lozim bo‘lgan 35 banddan iborat ochiq ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlandi. 2023 yil 27 noyabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan unga yana 5 ta band qo‘shildi. 2021 yil 15 iyundagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatning rivojlanish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytida joylashtirish uchun majburiy bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan. Tadbirda ushbu masalalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berilib, fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.