Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov Xitoy davlatining “Overseas of Sanmenxia Road and Bridge construction group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.


Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov Xitoy Xalq Respublikasining “Overseas of Sanmenxia Road and Bridge construction group” kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Ushbu kompaniya Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida yirik uy-joy majmuasini qurishni rejalashtirmoqda. Bugungi kunda hududda majmua qurilishi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha xitoylik mutaxassislar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Uchrashuvda “Overseas of Sanmenxia Road and Bridge construction group” kompaniyasi vakillari qurilish loyihalarini amalga oshirishda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Jumladan, qurilish jarayonida sifat, texnika va mehnat xavfsizligiga rioya qilish, energiya tejamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistondagi talablar va tajriba yuzasidan fikr almashildi. Kompaniya vakillari ushbu loyihani ishlab chiqishda yashil hududga katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.