Qoraqalpog‘iston maktablari uchun toza suv: ta’lim sharoitlarini yaxshilash yo‘lida yangi qadam
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va Xitoy Fanlar akademiyasining Sinszyan ekologiya va geografiya instituti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi ko‘magida viloyatdagi uchta umumta’lim maktabida zamonaviy suv filtrlash tizimlari o‘rnatildi. Ushbu loyiha ichimlik suvi sifatini yaxshilash va o‘quvchilar va o‘qituvchilar salomatligi uchun xavfsiz sharoit yaratishga qaratilgan.
Har biri 5 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy suv tozalash qurilmalari Chimboy tumanidagi 31-sonli hamda Kegeyli tumanidagi 19- va 5-sonli maktablarga beg‘araz topshirildi. Ushbu tizimlar mingdan ortiq o‘quvchi va pedagoglarga xavfsiz va toza ichimlik suvidan foydalanish imkonini beradi, bu esa bolalarning hayot sifati va salomatligini yaxshilashda muhim qadamdir.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi vakillari ushbu loyiha xitoylik hamkasblar bilan uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi ekanini ta’kidladi. Tashabbus toza suvdan barqaror foydalanishni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bu, ayniqsa, ta’lim sharoitlarini yaxshilash va bolalar o‘rtasida sifatsiz suv bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olishda muhimdir.
Maktab rahbariyati va ota-onalar taqdim etilgan jihozlar va qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirishdi. Bu nafaqat mintaqaning asosiy ijtimoiy muammolaridan birini hal qilish, balki muvaffaqiyatli xalqaro hamkorlikning yorqin namunasidir.
Toza suv – salomatlik va taraqqiyotning asosi va bu loyiha Qoraqalpog‘istonning barqaror kelajagi yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir.