Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov Vetnam davlatining “FPT Corporation” kompaniyasining prezidenti Tran Dang Xoa boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalarni raqamlashtirishga va bu ishlarga yoshlarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada oldin bo‘lmagan imkoniyatlar yaratilib, o‘z navbatida ushbu amaliy chora-tadbirlar IT sohasini rivojlantirishga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov Vetnam davlatining “FPT Corporation” kompaniyasining prezidenti Tran Dang Xoa boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Uchrashuv davomida AKT sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, investitsiya kiritish, ilg’or bilimlar almashuvini yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar tayyorlash bilan bog’liq masalalar bo’yicha muzokaralar olib borildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va axborot-kommunikatsiya tarmoqlari infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqishga kelishib olishdi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va axborot almashinuvini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumot uchun: “FPT  Corporation” kompaniyasi Vetnamning  etakchi  IT  kompaniyasi hisoblanib,  1998  yilda  tashkil  etilgan. 70 ming mutaxassis va xodimlar ish olib boradigan mazkur kompaniya bugun dunyoning 19 mamlakatida jumladan, AQSh, Yaponiya, Germaniya, Frantsiya, Slovakiya, Singapur, Malayziya va  Avstraliyada  o‘z bo‘linmalarini ochgan. IBM, Microsoft, Oracle, Data Card, Siemens, Airbus, Amazon kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Yillik savdo aylanmasi  $5 mlrd. tashkil etadi.