O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga tashrif buyuradi


O‘zbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoni va Ozarbayjonga tashrif buyuradi

 10.11.2024

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-13-noyabr kunlari xalqaro sammitlarda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistoni va Ozarbayjon Respublikasida bo‘ladi.

Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan davlatimiz rahbari 11-noyabr kuni G‘azo va Livandagi vaziyatning keskinlashuvi hamda Yaqin Sharqdagi mojaroga tez fursatda yechim topish choralarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Arab-islom sammitida ishtirok etadi.

12-13-noyabr kunlari O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga ko‘ra BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida qatnashadi.

O‘zbekiston Prezidentining mazkur sammitlarda nutq so‘zlashi, shuningdek, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.