QDUda «Akademik va yoshlar: ilm-fan taraqqiyotini yoshlar yaratadi!» mavzusida akademiklar va yoshlar kongressi bo‘lib o‘tdi


Joriy yilning 7-noyabr kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Akademik Behzod Sodiqovich Yuldashevning xotirasiga bag‘ishlangan «Akademik va yoshlar: ilm-fan taraqqiyotini yoshlar yaratadi!» mavzusidagi akademiklar va yoshlar kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, doktorantlari, izlanuvchilari, yosh olimlar, iqtidorli talabalar va magistrantlar ishtirok etdi.

Kongressda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti S.Mirzayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi A.Atajanov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O.Maxkamov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri B.Qayipbergenovlar mehmon bo‘lishdi. Dastlab mehmonlar yosh olimlar tomonidan tayyorlangan innovatsion ko‘rgazmalar bilan tanishdi.

Shundan so‘ng «Akademik va yoshlar: ilm-fan taraqqiyotini yoshlar yaratadi!» mavzusidagi akademiklar va yoshlar kongressining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Kongressni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i A.Reymov ochib berdi va boshqarib bordi. U o‘z nutqida Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ilm-fanga qaratilayotgan e’tibor, ilm-fan sohasini rivojlantirish, tadqiqotlar samaradorligini oshirish va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ulkan ishlar olib borilayotganini aytib o‘tdi.

Kongress davomida akademiklar o‘z hayot yo‘llari, ilm-fan sohasidagi yutuqlari va olib borayotgan ilmiy ishlari haqida yoshlarga keng ma’lumot berdi. Shu bilan birga, akademiklar o‘z ilmiy ishlarining muhim bosqichlari, duch kelayotgan qiyinchiliklari va ularni yengib o‘tishda qo‘lga kiritgan tajribalarini yoshlar bilan o‘rtoqlashdi. Tadbir doirasida universitetning iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Shuningdek, kongress davomida «Yashil makon» umummilliy loyihasi o‘tkazilib, bu yerda Akademiklar bog‘i barpo etildi. Akademiklar bog‘iga ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi – yoshlarni ilm-fan va innovatsiyalarga jalb etish, ularda ilmiy qiziqishni oshirish hamda mamlakat kelajagi uchun zarur bo‘lgan yetuk olimlarni yetishtirishdan iborat. Ushbu tadbir yoshlar uchun ilm-fan olamiga yo‘l ko‘rsatish, ularni ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish va o‘zlari tanlagan yo‘lda dadil qadam tashlashiga ko‘maklashishga qaratilgan.