Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri “Eli abad” MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar oldida fuqarolarning zaharli gazdan zararlanishining oldini olish, favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida mas’ul xizmatlar, keng jamoatchilik vakillari, fuqarolar, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirokida ko‘rgazmali seminar shaklida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Dastlab, yig‘ilganlarga zaharli gazdan zararlanishning oldini olishda xavfsizlik qoidalari keng doirada ko‘rgazmali vositalar bilan tushuntirildi. Shuningdek, yig‘ilgan fuqarolarga eslatma materiallarda tarqatildi. Yig‘ilgan fuqarolarning savollariga javoblar berildi. Ko‘rgazmali seminardan so‘ng, shu joyda dala sharoitida tikilgan chodirda mas’ul rahbarlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Konferensiyada dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbari Azamat Davletov tomonidan zaharli gazdan zararlanish bilan bog‘liq bo‘lgan noxush hodisalar va ularning kelib chiqish sabablari tushuntirildi. Xavfsizlik qoidalari bo‘yicha maxsus videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng, konferensiyaning savol-javob bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan mutasaddi rahbarlarga qiziqtirgan savol va takliflarini bildirib, tegishli javoblar olindi.