O‘zbekiston-Qozog‘iston hududlararo hamkorlik forumi


Samarqand shahrida 22-oktabr kuni O‘zbekiston-Qozog‘iston to‘rtinchi hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligida o‘tgan forumda ikki mamlakatning barcha hududlari vakillari hamda uning doirasidagi davra suhbatida 200 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. Hududlar rahbarlari va tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga qulay sharoit yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan forumda so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, barcha sohalarda ijobiy o‘sish kuzatilayotgani ta’kidlandi. O‘zaro munosabatlar shunday yuqori darajaga ko‘tarilishida, Davlatlarimiz Rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli aloqalar muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi. So‘nggi 7-yil ichida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi deyarli 2,5 barobar o‘sib, o‘tgan yili 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida mingdan ziyod korxonalar, Qozog‘istonda esa – 3 600 dan ortiq O‘zbekiston kapitali ishtirokida korxonalar o‘z faoliyatini yuritmoqda. Forumda mavjud zaxiralardan samarali foydalangan holda, yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish choralari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Qayd etilganidek, bunda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishda hududlararo aloqalar haqiqiy harakatlantiruvchi kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, chegaradosh hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mang‘istau viloyati bilan, Toshkent viloyati Turkiston viloyati bilan, Navoiy viloyati Qizilo‘rda viloyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va yaqin aloqalar o‘rnatgan. Chegaradosh bo‘lmagan hududlarimiz ham o‘zaro aloqalarni mustahkamlab, savdo-sotiq va sanoat kooperatsiya aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda. Forumda hududlar orasida hali ishga solinmagan katta salohiyat borligi, qolaversa, to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishga ham qiziqish juda yuqori ekani ta’kidlandi. Shuningdek, qardosh xalqlar o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish ham muhim ahamiyatga egaligi bildirildi. O‘zbekiston-Qozog‘iston to‘rtinchi hududlararo forumi yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.