Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan yig’ilish bólib ótti.


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan yig’ilish bólib ótti. Kun tartibidagi asosiy masalalarga o‘tishdan oldin davlatimiz rahbari kambag’allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish masalalariga to‘xtaldi. Prezident kuni kecha imzolagan 2 ta muhim hujjatga muvofiq, shu yilning o‘zida 500 ming, kelgusi yilda yana 1 million odamni kambag’allikdan chiqarishga qaratilgan “Kambag’allikdan farovonlik sari” dasturi boshlanmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Hukumat bo‘ysunuviga o‘tkaziladi va Bexzod Musaev unga rahbar etib tayinlanadi. Agentlikka fuqarolarimizning xorijdagi yuqori daromadli mehnat bozorlariga kirishi bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish topshirildi. Hokimlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz taqdiri uchun agentlik bilan tengma-teng javobgar bo‘lishi belgilandi. Bog’ yarataman, degan tadbirkorga erni arzon krediti va tayyor loyihasi bilan birga beradigan tizim bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va hokimliklarga yana qo‘shimcha 50 ming gektar er topish, ular negizida 200 ming oilani daromadli qilib, kambag’allikdan chiqarish bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish topshirildi. Yig’ilishda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari rivojlanishiga katta impuls beradigan sohalardan biri – qurilish ekanligi ta’kidlandi. Masalan, O‘zbekistonda yiliga 150 trillion so‘mlik qurilishlar bo‘layapti. Bu mablag’larning uchdan birini qurilish materiallari tashkil etadi. Xarajatlarning qolgan qismi elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik, kimyo, metallni qayta ishlash sanoatlari, qurilish texnikalari, qurish-pardozlash, loyihalash va dizayner xizmatlariga to‘g’ri keladi. Sodda qilib aytganda, qurilish – minglab oddiy ishchilarni band qilishdan tortib, loyihachi, arxitektor, dizayner, muhandis-texnolog kabi yuqori maosh oladigan kreativ sanoat mutaxassislariga talabni shakllantiradigan soha. Ishlab chiqarish 2 karra o‘sdi, yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar 150 tadan oshdi.  So‘nggi besh yilda qurilishlar hajmi ham 2 baravar ko‘paydi. Shu bilan birga, 650 million dollarlik yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish hisobiga qurilishdagi import ulushini 31 foizdan 25 foizga tushirishga erishildi. Qurilish materiallari eksport bozori ham 58 taga etdi, xorijda 20 dan ortiq savdo omborlari, 50 dan ziyod savdo do‘konlari ochildi. Lekin, salohiyati, mahsulotiga bozorda talab yuqori bo‘lgan ushbu soha uchun bu ko‘rsatkichlar kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Birgina qo‘shnilarimizning o‘zi bizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 2 milliard dollarlik qurilish materiallarini boshqa davlatlardan import qilayapti. Bizda haligacha lak-bo‘yoq, gulqog’oz, PVXdan quvur va fitinglar, pol qoplamasi, pardozbop tosh, santexnika kabi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan tovarlar import bo‘lmoqda.