Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov Beruniy tumanida yoshlar bilan uchrashuvi bo’lib o’tti.


Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.Ermanov, sektor rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot shaklida Beruniy tumani yoshlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.   Uchrashuv davomida muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarimizga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yuksak natijalarga erishilayotgani, nafaqat respublika miqyosida, balki xalqaro miqyosdagi tanlovlar, musobaqalar, sport o‘yinlarida o‘zini namoyon etayotgan yoshlar safi ortib borayotgani haqida keng ta’kidlandi. Yoshlar jamiyatimizning yetakchi kuchi. Mamlakatimizda ular uchun ta’lim olish, sport bilan shug‘ullanish, IT yo’nalishi va hunar sirlarini o‘rganish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bir qator yoshlar o‘z fikr va takliflari bilan ishtirok etdi. Xususan, IT va Mental arifmetika bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda musobaqa tashkil etish, Beruniy tumanida zamonaviy stadion qurish kabi takliflarini bildirib o‘tishdi.   Ko‘tarinki hamda samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlar tomonidan bildirilgan qator takliflar Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, kelgusida ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga topshiriqlar berildi.