Xorazm viloyati va Shumanay tumanining do‘stona munosabatlari davom etmoqda
Orolbo‘yini birgalikda rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari O‘zbekiston Respublikasidagi viloyatlarga biriktirilgan bo‘lib, shundan Xorazm viloyati Shumanay tumaniga biriktirilgan edi. Shu munosabat bilan Xorazm viloyati hokimi J.Raximov hamda barcha shahar va tumanlar hokimlari Shumanay tumanida bo‘ldi. Mehmonlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov va Shumanay tumani hokimi A.Ametovlar kutib oldi. Shundan so‘ng tuman hokimligi majlislar zalida Xorazm viloyati hokimi J.Raximov va Shumanay tumani hokimi A.Ametov, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari va yoshlar yetakchilari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ishsizlikning oldini olish maqsadida tumandagi mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari salohiyatidan kelib chiqqan holda loyiha ishlab chiqish va kichik investitsiya loyihalarini ko‘paytirish bo‘yicha Xorazm viloyati shahar va tuman hokimlariga topshiriqlar berildi. Shundan so‘ng, Xorazm viloyatining 13 ta shahar va tumanlari tumandagi 13 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan bo‘lib, har bir mahalladan 50 ta jami 650 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga va ularning farzandlariga Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami munosabati bilan oziq-ovqat va maktab formalari sovg‘a sifatida topshirildi. So‘ng mehmonlar tumandagi « Ketenler» ovul fuqarolar yig‘ini hududida Xorazm viloyati homiyligida qurilayotgan 50 o‘rinli bolalar bog‘chasining qurilish ishlari bilan tanishdi.