Orolbo‘yida yangicha industriya va tadbirkorlik ruhi


Qoraqalpog’iston Respublikasida shamol elektr stantsiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlandi, savdo majmualari ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog’istonning iqtisodiy rivoji haqida so‘zladi.

Buning uchun hududda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. So‘nggi besh yilda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va engilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g’ridan-to‘g’ri er ajratish huquqi faqat Qoraqalpog’istonda joriy qilingan. Qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham tortib berilmoqda.

Imtiyozlar hisobiga o‘tgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so‘mdan ziyod mablag’ qolgan.

Hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trillion so‘m mablag’ yo‘naltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ekti paydo bo‘lgan.

Birgina o‘tgan yilda 345 million dollarlik 1 ming 400 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Joriy yilning birinchi yarmida 730 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.

Qoraqalpog’istonda chet el kapitali bilan tashkil etilgan korxonalar soni ham ko‘payib bormoqda. 2017 yilda 73 ta xorijiy va qo‘shma korxona bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 175 taga etdi.

Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025-2028 yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni, 12 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati va byudjetga 500 milliard so‘m qo‘shimcha tushum yaratiladi.