Prezident Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog’iston Respublikasiga tashrifini sanoat salohiyati bilan tanishishdan boshladi.
Prezident Shavkat Mirziyoev Qoraqalpog’iston Respublikasiga tashrifini sanoat salohiyati bilan tanishishdan boshladi.
“Nukus Elestroapparat” qo‘shma korxonasi 2017 yilda ishga tushgan, unda elektr energiyasi tarmog’i uchun kuchlanish qurilmalari ishlab chiqariladi. Joriy yil iyunda bu erda 10 million dollardan ziyod mablag’ evaziga quyosh panellarini yasash loyihasi ishga tushirildi. Uskunalar Koreya Respublikasidan keltirib o‘rnatildi.
Ishlab chiqarish jarayoni 100 foiz avtomatlashtirilgan. Loyihaning yillik quvvati 273 ming dona.
Bu mamlakatimizda muqobil energetikadan foydalanish borasidagi ishlarda qo‘l keladi. Hozirgacha turli inshoot va xonadonlarda 600 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu hali davom etadi.
Qo‘shma korxona ichki bozorda talab yuqori mahsulotni mahalliylashtirish bilan birga 4 million dollarlik eksport imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. 70 kishi ish bilan ta’minlandi.
Davlatlarimiz rahbari ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, xodimlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga bunday korxonalarni ko‘paytirish, ularda bozor talabi yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu erda tarmoq korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.
Zavodning o‘zida ham 125 kilovatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan. Undan olingan elektr ichki ehtiyojlar uchun ishlatiladi, ortiqchasi hududiy elektr tarmog’iga sotiladi.
So‘nggi yillarda yurtimizda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stantsiyalari ishga tushirildi. Shuningdek, umumiy qiymati 19 milliard dollar bo‘lgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Umuman, 2030 yilgacha energetika balansida qayta tiklanuvchi quvvatlar ulushini 40 foizga etkazish maqsad qilingan.