“Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
2024 yil 8 aprel kuni Nukus shahrida “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi ijrosini ta’minlash doirasida ish boshlagan “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi va “Kichik biznesni rivojlantirish jamg’armasi rahbariyati, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g’risida”gi qaroriga asosan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi” faol amalga oshirilmoqda. Mazkur Dastur kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “uzluksiz xizmatlar zanjiri”ni yaratishni ko‘zda tutadi.
“Biznesni rivojlantirish banki” aktsiyadorlik tijorat banki Dasturni amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.
Bank tomonidan dastur ishtirokchilari uchun elektron platforma – “Biznes portal” tashkil etildi. Fuqarolar va tadbirkorlar portalda onlayn ariza berish orqali Dasturda ishtirok etishlari mumkin.
Dastur doirasida bank ta’sischiligida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg’armasi” va Jamg’arma tarkibida xududlarda 14 ta “Kichik biznesga ko‘maklashish xududiy markazlari” tashkil etildi.
Nukusda ish boshlagan “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi”da kichik biznes loyihalarini tanlash, tashabbuskorlarni o‘qitish, moliyalashtirish, axborot bilan ta’minlash, biznes rejalar va texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, bozor topish bilan bog’liq kompleks xizmatlarni ko‘rsatish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar va jurnalistlar Markazda yaratilgan shart-sharoitlar, loyihalarni tanlab olish va ishtirokchilarni o‘qitish tartibi bilan tanishdilar.
“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi”ga muvofiq, tashabbuskorlar “Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari” tomonidan tanlab olinadi va ular biznes ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘nalishida qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, sertifikat olgan tashabbuskorlar Dastur doirasidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanadi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan Dastur ishtirokchilarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash maqsadida 9 turdagi bank xizmatlari joriy etildi.
Tadbir ishtirokchilariga “Biznesni rivojlantirish banki” ATB faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va joriy etilgan bank xizmatlari haqida ma’lumot berildi.
Hozirgi kungacha Qoraqalpog’iston Respublikasidagi 1159 ta tashabbuskor “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi”dagi o‘quvlarda qatnashib, test imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan. Shundan 944 ta tashabbuskor o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib sertifikat oldi. Ayni vaqtgacha 694 ta kichik biznes sub’ektlariga 60 mlrd. so‘mlik kredit mablag’lari ajratildi.