19.03.2024, Seshanba

Tarixiy ma'lumotlar

Qoraqalpog`iston Respublikasi

    Muqaddas Vatanimiz – O`zbekiston Respublikasi o`zining 27 yillik mustaqil rivojlanish yillarida asrlarga teng yo`lni bosib o`tdi. Tarixan qisqa bu davrda shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz qiyofasi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar butunlay o`zgardi. Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida barqaror o`sish sur`atlari kuzatilmoqda. Eng muhimi, xalqimiz qalbida o`z yurtiga egalik hissi, shu ulug` Vatanning bugungi va ertangi kuni uchun mas`uliyat va daxldorlik tuyg`usi ortib, uning ongu tafakkuri va dunyoqarashi yuksalib bormoqda.

Mustaqillik yillari butun mamlakatimizga, har bir hudud va mintaqaga bunyodkorlik va yangilanishlar boshlab kelganining tasdig`ini O`zbekistonimizning shimoliy qismida joylashgan Qoraqalpog`iston Respublikasi misolida ham yaqqol ko`rish mumkin.

Ma`lumki, saxovatli va betakror qoraqalpoq diyori mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojida alohida o`rin tutadi. Bu haqda so`z yuritganda, Muhtaram Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug`anievich Karimovning “Qoraqalpoq xalqi doimo yurtimizning tayanch tog`laridan hisoblangan” degan so`zlarini esga olish o`rinlidir.

Shuning uchun ham mustaqillik yillarida boshqa mintaqalarimiz qatori Qoraqalpog`istonning rivojlanishiga ham ulkan e`tibor berilmoqda. Aynan ana shunday e`tibor tufayli bugungi kunda respublika poytaxti – Nukus shahridan boshlab, tumanlar markazlari, shahar va qishloqlar, hatto chekka ovullargacha har tomonlama o`zgarib, rivojlanib bormoqda. Bunda, ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Miromoniovich Mirziyoevning bevosita tashabbusi bilan ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilayotgan Qoraqalpog`iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aytish kerakki, bu dasturlar respublikani asrlar davomidagi oddiy agrar o`lkadan zamonaviy ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalar, transport-kommunikatsiya tarmoqlari, yuksak malakali kadrlarga ega bo`lgan qudratli mintaqaga aylantirishni nazarda tutadi.

Dasturlarning bosqichma-bosqich hayotga tadbiq etilishi natijasida qoraqalpoq zamini bugungi kunda tanib bo`lmas darajada o`zgarib, yildan-yilga chiroy ochib, barqaror sur`atlarda rivojlanib borayotgan diyorga aylandi.

Mustaqillik yillarida bu zaminda amalga oshirilgan ulkan iqtisodiy-ijtimoiy o`zgarishlar, qurilish va obodonchilik ishlarini sanab adog`iga etib bo`lmaydi. O`rta Osiyoda yagona bo`lgan, sahro bag`ridagi mo``jiza deb nom olgan Qo`ng`irot soda zavodi, Ustyurt gaz-ximiya kompleksi, Nukus polimer, Samsung-Nukus, Nukus elektroapparat, «Lanextrakt» qospa kәrxanasы,  «Nukus Med Tex» MChJ,  «Tөrtkүl shiyshe ыdыslarы» MChJ, Xo`jayli shisha zavodi, “Markaziy Osiyo bezak toshlari” qo`shma korxonasi, Qo`ng`irotdagi karbid, Nukusdagi marmar va kabel` zavodlari, O`rga gaz koni, “Elteks” va “Kateks” majmualari kabi zamonaviy ishlab chiqarish ob`ektlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filiali, Olimpiya zaxiralari kolleji binolari, 345 kilometrlik Navoiy – Nukus temir yo`li, Nukus bilan Xo`jaylini bog`laydigan ulkan ko`prik, Qo`ng`irot avtomobil` yo`li, o`nlab umumta`lim maktablari va maktabgacha ta`lim muassasalari, litsey va kollejlar, bolalar sporti, bolalar musiqa va san`at maktablari singari ko`plab inshootlar – bularning barchasi istiqlol mevasidir.

Milliy avtomagistral qurilishida ro`y bergan ulkan voqealardan biri – bu shu yo`lning Nukus shahriga kiraverishida yangi ko`prik va chorraha yo`lning qurilishidir.

Shuni ham alohida ta`kidlab o`tishimiz kerak, Muhtaram Birinshchi Prezidentimizning tashabbusi bilan tamal toshi qo`yilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasining qurilishi bugun dunyo xalqlari e`tiborini jalb etmoqda.

Eng muhimi, qoraqalpoq xalqi asrlar davomida orzu qilib, intilib kelgan ezgu maqsadiga etdi – ozod va erkin, tinch-osuda hayotga erishdi, o`z tarixi, madaniy merosi, milliy an`ana va qadriyatlarini tiklash, rivojlantirish, o`zligini anglash imkoniga ega bo`ldi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi O`zbekistonning shimoliy-g`arbiy qismida, Amudaryoning quyi qismi, Orol dengizining janubiy sohilida joylashgan. Respublika janubi-g`arb tomondan Qoraqum sahrosiga tutashgan. Uning shimoliy-g`arbida Ustyurt tekisligi, shimoliy-sharqiy tomonida esa Qizilqum sahrosi yastanib yotibdi. Orol dengizining janubiy hududi qoraqalpoq zaminida joylashgan. Qoraqalpog`istonning umumiy er maydoni 166,6 ming kvadrat kilometrdan iborat bo`lib, u hududining kattaligi jihatdan O`zbekiston Respublikasi viloyatlari o`rtasida birinchi o`rinda turadi. Respublika aholisi 2018 yil 1 aprel holatiga 1 million 800 ming kishidan ziyoddir.

Respublikaning ma`muriy-hududiy tuzilmasi 15 ta tuman va 1 ta shahardan iborat. Bular Amudaryo, Beruniy, Qorao`zak, Kegeyli, Qo`ng`irot, Qonliko`l, Mo`ynoq, Nukus, Taxtako`pir, To`rtko`l, Xo`jayli, Taxiyotosh, Chimboy, Sho`manoy, Ellikqal`a tumanlari va Nukus shahridir.

Qoraqalpog`iston O`zbekiston Respublikasi tarkibidagi parlament boshqaruv shakliga ega bo`lgan suveren respublikadir. Qoraqalpog`iston o`z Konstitutsiyasi, bayrog`i, gerbi va gimniga ega. Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Respublikada umumiy rahbarlik Jo`qorg`i Kenges Raisi – Qoraqalpog`iston Respublikasi parlamenti Raisi tomonidan amalga oshiriladi.

Respublikaning oliy ijroiya hokimiyati Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan tasdiqlangan Vazirlar Kengashi hisoblanadi. Respublika Vazirlar Kengashi tarkibiga Kengashining Raisi, Raisning o`rinbosarlari, vazirlar, davlat qo`mitalari raislari, yirik kontsern va birlashmalar rahbarlari kiradi. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi o`z vazifasiga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tarkibiga kiradi. O`zbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent shahrida, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpog`iston Respublikasining doimiy vakolatxonasi faoliyat ko`rsatadi.