19.09.2021, Yakshanba

Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olish istagidagi yoshlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etish, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan har bir talabaga bilim olish uchun qulay sharoitlar yaratish, yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini yanada rag‘batlantirish va yoshlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilsin.

Belgilansinki:

tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan resurslar hisobidan ta’lim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratadi;

ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;

ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

2. Ta’lim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.

Jamg‘armaga Davlat byudjetidan 2021 yilda kamida 1 trillion so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘lar ajratilsin.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

Jamg‘arma tomonidan avval ajratilgan resurslarning qaytishidan tushadigan mablag‘lar va ulardan olinadigan foiz to‘lovlari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirish hisobiga foizli tushumlar;

Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari, homiylik, grant mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

Jamg‘arma yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda Moliya vazirligida alohida ochiladigan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i shaklida tashkil etiladi;

Jamg‘arma faoliyati Moliya vazirligi markaziy apparatiga ajratiladigan 3 ta shtat birligidan iborat bo‘linma tomonidan amalga oshiriladi;

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga tijorat banklarining so‘rovlariga asosan ularga Markaziy bankning asosiy stavkasida ta’lim krediti ajratish uchun mazkur stavkadan 4 foiz bandga past bo‘lgan stavkada resurslar ajratiladi;

Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, resurs mablag‘lari va ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.

4. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin:

ta’lim kreditlari bo‘yicha yuzaga keladigan kredit tavakkalchiligini Moliya vazirligi va tijorat banklari o‘rtasida taqsimlash hamda Jamg‘armadan ajratilgan mablag‘larning bir qismini tijorat banklari tomonidan garov depoziti sifatida qabul qilish;

respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasalari, xususiy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari talabalariga kontrakt to‘lovlari uchun kredit ajratish;

Jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda tijorat banklariga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlarini o‘rnatish.

5. Moliya vazirligi Jamg‘armaga 2021 yilda mablag‘larning Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari, byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari
va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ajratilishini, 2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.A.Musayev, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda moliya vaziri T.A.Ishmetov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

Prezidenti  Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 30 iyul,