23.09.2021, Payshanba

“Qoraqalpog'iston” posyolkasida aholi muammolari o'rganildi

Aholi muammolarini o'rganish, ularning bugungi kunlaridan rozi bo'lib, yaqin kelajakka katta ishonch bilan boqishi uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqni ijtimoiy-iqtisodiy qo'llab-quvvatlash bugun davlat idoralari oldidagi dolzarb masalalardan biri sanaladi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi tomonidan eng ulug' va eng aziz bayramlarimizdan –davlatimiz mustaqilligining 30 yillik tadbirlariga tayyorgarlik ko'rish, uning yuqori saviya va ko'tarinki ruhda o'tkazilishini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig'i O.Xojimatov Qo'ng'irot tumaniga mas’ul etib biriktirildi.


Bayram tadbirlari arafasida bojxona organlari tomonidan Qo'ng'irot tumani “Qoraqalpog'iston” posyolkasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning turmush tarzi, ularning muammolarini o'rganish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi.

Ta'kidlash joizki, yil boshidan ushbu posyolka aholisidan veb-sayt, Prezident xalq qabulxonasi, xalq qabulxonasi, ishonch telefonlari va sayyor qabullar orqali jami 110 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, ularning aksariyati bandlik va mehnat munosabatlari hamda moliyalashtirish sohalariga taaluqlidir.


Shundan jami 33 ta murojaatda ish bilan ta'minlanish bo'yicha, 9 tasida ijtimoiy nafaqalar olish bo'yicha, 8 ta murojaat ta'lim masalalariga taaluqli bo'lib, bank kreditlari va davlat organlari xodimlari faoliyatidan norozilik bo'yicha 7 ta, majburiy ijro, aliment va qarz summalarini undirish bo'yicha 6 ta, davlat pensiya ta'minoti va tadbirkorlik masalalari yuzasidan esa jami 4 ta murojaat kelib tushgan.


Nukus shahridan 430 km masofada joylashgan olis “Qoraqalpog'iston” posyolkasida respublika bojxona boshqarmasi tomonidan o'tkazilgan bugungi sayyor qabulda hudud aholisining murojaatlarida aks etgan ish bilan ta'minlanish, sog'liqni saqlash, elektr energiyasi, kadastr va gaz ta'minotida mavjud muammolari, shuningdek, yoshlarni o'qitish va ijtimoiy himoya bilan bog'lik murojaatlari batafsil o'rganildi. Vakolat doirasidagi murojaatlar ijobiy hal etildi, qo'shimcha o'rganish talab etiladigan murojaatlar yuzasidan tegishliligi bo'yicha mutasaddi vazirlik  va idoralar jalb etilgan holda hududda o'tkaziladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.

 


 Qoraqalpog'iston Respublikasi bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati