18.09.2021, Shanba

Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i


Hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos jun yo‘nalishlaridagi mayda shoxli mollarni ko‘paytirish, ozuqa bazasini rivojlantirish, teri va junni qayta ishlash, ulardan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, yaylov maydonlarida tabiiy ravishda o‘suvchi kavrak plantatsiyalari zaxiralaridan barqaror foydalanish, shuningdek, pillachilik tarmog‘i ozuqa bazasini ko‘paytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida:

1. Belgilansinki:

a) 2022 yil 1 yanvardan boshlab 2025 yil 1 yanvarga qadar:

har yili yetishtiriladigan pilla (ho‘l pilla) hosilining bir kilogrammi uchun 5 ming so‘m miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga respublika byudjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;

tutzorlarni sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qo‘llaniladi;

b) oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar jun yo‘nalishidagi qo‘ylarni, shuningdek, qo‘lda jun yigirish, ipak matolari, gilam va kigiz to‘qish uskunalarini sotib olishga ham yo‘naltiriladi;

v) Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Dehqonobod tumanlari, Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani hamda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on va Boysun tumanlari jun yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;

g) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4539-son qarori 9-bandida nazarda tutilgan moliyalashtirish tartibi, istisno tariqasida, qo‘lda jun yigiruvchi, gilam va kigiz to‘quvchi hamda qo‘y va echki terilaridan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi hunarmandlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi “Qorako‘lchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4984-son qarori bilan Moliya vazirligi tomonidan qorako‘lchilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

a) mazkur mablag‘larning 50 milliard so‘m qismi 1-bosqich sifatida jun yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlardagi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan loyihalarni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda kredit ajratishga yo‘naltiriladi.

Bunda, ixtisoslashtirilgan tumanlarda mazkur mablag‘lar hisobidan:

respublika iqlimiga mos jun yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni import qilish orqali ularning soni oshiriladi;

yaylovlarda ozuqabop ekinlarni yetishtirish hajmi va yem ishlab chiqarish quvvatlari oshiriladi, jun qirqish va yig‘ish shoxobchalari tashkil etiladi;

junni qayta ishlash quvvatlari tashkil etiladi hamda aholi junni qayta ishlash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘nalishida hunarmandchilikka o‘rgatiladi;

b) 2-bosqichda – 2022 yil 1 aprelga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘lar 1-bosqich mablag‘larining ishlatilishi natijalariga ko‘ra tijorat banklari orqali belgilangan tartibda kredit ajratishga yo‘naltiriladi.

3. Quyidagilar:

Hunarmandchilik asosida qo‘lda shoyi matolar, shu jumladan, a’lo baxmal to‘qish hajmini oshirish va to‘qilgan matolarni respublikada keng targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2021-2025 yillarda pillachilik klasterlari tomonidan tutzorlarda hamda paxta va g‘alla maydonlari atrofida tut ko‘chatlarini ekish prognoz ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, 2-ilovaga muvofiq ekiladigan tut ko‘chatlari “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi pillachilik klasterlarining mablag‘lari hisobidan ekiladi.

4. 2021-2025 yillarda:

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi har yili 30 million tup;

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti har yili 10 million tup tut ko‘chatlari yetishtirib berishni ta’minlasin.

5. Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasi va uyushma a’zolarining:

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasini Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘mita) deb qayta nomlash;

Respublika “Qorako‘lchilik” uyushmasini “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda – Uyushma) deb qayta nomlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

6. Belgilansinki, Qo‘mitaning doimiy egaligidagi yaylovlar hududida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan dorivor o‘simliklarni, shu jumladan, kavrak o‘simligini yig‘ish, ekish va yetishtirish Qo‘mita bilan tuzilgan ijara shartnomalari asosida va unda belgilangan hududlarda amalga oshiriladi.

7. Quyidagilarga qo‘shimcha vazifalar yuklansin:

a) Qo‘mitaga:

junni qayta ishlash sanoatida raqobatni rivojlantirish, jun yetishtirish va uni qayta ishlash yo‘nalishidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash;

junni qayta ishlashga hunarmandlarni keng jalb qilish orqali aholi bandligini ta’minlashga va ularning daromadini oshirishga ko‘maklashish;

xorijiy investitsiyalar, jumladan, xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb qilish yo‘li bilan sohani rivojlantirish;

b) Uyushmaga:

jun yo‘nalishidagi mayda shoxli mollarni ko‘paytirish, jun ishlab chiqarish hajmini oshirish va uni chuqur qayta ishlash;

Qo‘mitaning doimiy egaligidagi yaylovlar hosildorligini oshirish, yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish va kavrak plantatsiyalarini tashkil etishga ko‘maklashish, shuningdek, tabiiy holda o‘suvchi kavrak o‘simliklaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish;

respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos keladigan ozuqabop o‘simliklar yetishtirishni tashkil etish va tayyor mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

respublika hududlarida kavrakni sanoat usulida yetishtirish hajmini ko‘paytirish choralarini ko‘rish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini oshirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish.

8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2022 yil 1 yanvardan boshlab:

qorako‘lchilik xo‘jaliklariga ular tomonidan yetishtirilib, eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l va qorako‘lcha terilari uchun;

yetishtiriladigan pilla (ho‘l pilla) hosilining bir kilogrammi uchun Davlat byudjeti hisobidan ajratiladigan subsidiya Qo‘mita tomonidan beriladi.

Moliya vazirligi 2022 yildan boshlab byudjet parametrlarini shakllantirishda tegishli mablag‘larning Qo‘mitaga ajratib borilishini ta’minlasin.

9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2022 yil 1 yanvarga qadar Qo‘mita taklifiga asosan qo‘y va uning go‘shti hamda go‘sht va ipak mahsulotlarini eksport qilishda import bojlarini bekor qilish masalasini shunday import bojlari mavjud bo‘lgan xorijiy davlatlar bilan o‘tkaziladigan hukumatlararo komissiya majlislarining kun tartibiga kiritsin.

10. Qo‘mita:

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida, 2025 yilga qadar respublikaning boshqa hududlarida qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilishga subsidiya ajratish tizimidan keng foydalangan holda, a’lo baxmal ishlab chiqarish hajmini 1 million metrga yetkazish choralarini ko‘rsin. Bunda, Farg‘ona viloyati hokimligi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat-xususiy sheriklik asosida Farg‘ona viloyatining tumanlarida Ipakchilik-hunarmandchilik markazlarini tashkil etish tajribasi Namangan va Andijon viloyatlarida ham tatbiq etilishi ta’minlansin;

Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Turizm va sport vazirligi hamda Transport vazirligi bilan birgalikda xalqaro tadbirlarda ishtirok etuvchi hamda ta’lim muassasalarida, avia va temir yo‘llar tizimida xizmat ko‘rsatuvchi ayollar kiyimida, shuningdek, respublikaning diqqatga sazovor joylarida milliy ipak matolaridan foydalanish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rsin.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qo‘mitaning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq, har yili 1 oktyabrga qadar keyingi yil uchun qo‘l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni qoplashga beriladigan subsidiyalar miqdorini shakllantirsin va belgilangan tartibda ajratib borilishini ta’minlasin.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari:

tumanlarda zamonaviy pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yetarli bo‘lgan ozuqa bazasining yaratilishini;

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ishsiz aholi ro‘yxatining shakllantirilishini, ular pillachilik klasterlariga biriktirilishini hamda pilla yetishtirib, daromad topish bo‘yicha targ‘ibot ishlarining olib borilishini ta’minlasin.

13. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ipak qurti urug‘chiligi, tutchilik va cho‘l-yaylov ozuqabop ekinlar seleksiyasi, yetishtirish agrotexnikasi sohasidagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini ta’minlashga qaratilgan tadqiqot loyihalarining tanlov asosida shakllantirilishini va zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

14. Davlat bojxona qo‘mitasi Qo‘mita bilan birgalikda qo‘lda to‘qilgan gilamlar eksporti hajmini oshirish maqsadida xorijiy davlatlardan respublika hududiga olib kirilayotgan tayyor va yarim tayyor gilamlarni “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlab, eksport qilishda tadbirkorlik sub’ektlariga barcha zaruriy sharoitlarni yaratsin.

15. Qo‘mita, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va uning tarkibidagi korxonalarning 2022 yilda yetishtiriladigan pilla (tirik pilla) xarid narxini 10 foizga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

16. Qo‘mita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qorako‘lchilik xo‘jaliklariga ularda yetishtirilib eksportga sotilgan har bir dona qorako‘l va qorako‘lcha terilari hamda yetishtiriladigan pilla (tirik pilla) hosili uchun subsidiyalar ajratish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot kiritib borilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti            Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 8 iyul