29.03.2024, Juma

Qoraqalpog'iston Respublikasining Nukus shahar va tumanlarda elektron auktsion savdolariga qo'yiladigan er uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini har bir tuman (shahar) kesimida minimal qiymatini tasdiqlash to'g'risida


Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining

qarori

 “Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi to'g'risida”gi Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 avgustdagi “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan bo'sh turgan er uchastkalarini berish xamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi
PQ–4427-sonli va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil
20 dekabrdagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo'sh turgan er uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 1023-sonli qarorlariga muvofiq, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan bo'sh turgan er uchastkalarini elektron onlayn-auktsion orqali doimiy foydalanishga berishning minimal qiymatini belgilash maqsadida, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi hamda Kadastr agentligining Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan 2021 yilning I yarim yilligi uchun tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan bo'sh turgan er uchastkalarini elektron onlayn-auktsion orqali doimiy foydalanish huquqi (0,01 ga maydon) yuzasidan ishlab chiqilgan minimal qiymati bo'yicha tavsiyalari ma'qullansin.
Nukus shahar va tumanlarda tadbirkorlik sub’ektlariga investitsiya kiritish va ijtimoiy majburiyat yuklash sharti bilan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan bo'sh turgan er uchastkalarini elektron onlayn-auktsion orqali 0,01 ga er maydonini doimiy foydalanish huquqi bilan berishning minimal qiymati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, er uchastkasidan doimiy foydalanish huquqining har bir tuman (shahar) uchun minimal qiymatini belgilashda er solig'ining yillik miqdori, er uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash ishlarining qiymati va er uchastkasiga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishga oid xarajatlar, er uchastkasining joylashgan joyi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish nuqtalarining mavjudligi kabi mezonlari inobatga olinsin.
Nukus shahar va tumanlar hokimlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi qurilish vazirligi (J.Berdixanov), Kadastr agentligining Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (I.Tleuov), Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (U.Jalilov) bilan birgalikda belgilangan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun er uchastkalarini doimiy foydalanishga berish maqsadida auktsion savdolariga chiqarilishini ta'minlasin.
Nukus shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan auktsion savdolarida sotilgan er maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoring olib borsin va maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlangan taqdirda er uchastkasini zaxiraga olish choralari ko'rilsin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi (X.Bekchanov), Kadastr agentligining Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (I.Tleuov), Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (U.Jalilov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi (B.Madaminov) bo'sh er maydoni va binolarni minimal qiymat bahosiga qat’iy rioya qilinishi hamda mahalliy byudjetga pul tushumlarini o'z vaqtida va to'liq tushirilishini ta'minlasin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Davlat soliq boshqarmasi (X.Bekchanov) Nukus shahar va tumanlar uchun er uchastkasidan doimiy foydalanish huquqining minimal qiymatini mazkur qaror tasdiqlangan sanadan e’tiboran bir ish kuni ichida «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish chorasini ko'rsin.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2020 yil
14 avgustdagi 217-sonli qarori o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
Qoraqalpog'iston teleradiokompaniyasiga (N.Jaqsimuratova), Qoraqalpog'iston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiya boshqarmasi (A.Bekmuratov), Qoraqalpog'iston Axborot agentligiga (B.Nurabullaev) va “Erkin Qaraqalpaqstan” hamda “Vesti Karakalpakstana” gazetalari tahririyatiga (Q.Bayniyazov) mazkur qarorni belgilangan tartibda aholi va tadbirkorlar o'rtasida keng targ'ib qilish, maqolalar chop etish hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish tavsiya etilsin.
Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirishi belgilab qo'yilsin.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o'rinbosari N.Erlepesov Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosarlari (B.Xabibullaev, E.Atashov, S.Xojametov) zimmalariga yuklatilsin.
 

Q. Sariev

Qoraqalpog'iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi