29.03.2024, Juma

Bir guruhdan uch g'olib yoki QQDU talabalari “MDHning eng yaxshi yosh olim“lari bo'lishdi

Yoshlik - kuch-g'ayratga to'la davr. Ayniqsa, talabalik davri insonga cheksiz imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Ana shunday imkoniyatlardan to'g'ri va oqilona foydalanib kelayotgan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakulteti, jurnalistika ta'lim yo'nalishi 3 bosqich talabalari Akmal Srajatdinov, Adilbek Latipov va Dinora Fayzullaevalar Qozog'iston Respublikasida o'tkazilgan “MDHning eng yaxshi yosh olimi“ xalqaro tanlovida ishtirok etib, jurnalistika yo'nalishida g'oliblikni qo'lga kiritishdi.

Ahamiyatli jihati mazkur tanlovda g'olib bo'lganliklari uchun 1 darajali Diplom bilan taqdirlanibgina qolmasdan, “Eng yaxshi yosh olim“ ko'krak nishoni bilan ham taqdirlanishdi. 

Akmal Srajatdinov bugungi kunda o'z sohasida ham nazariyani, ham amaliyotni birga olib borayotgan talabalardan. Jurnalistika kafedrasida tashkil etilgan “Jurnalistlarni tayyorlash klubi“ rahbari. Akmal Srajatdinov ham ilmiy sohada ilk yutuqlarni qo'lga kiritmoqda. Uning ilmiy maqolalari dunyoning ilmiy jurnal va ilmiy-amaliy konferentsiyalarda ilmiy maqola va tezislari e’lon qilingan. Xalqaro, respublika tanlovlari ishtirokchisi. Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi. Qozog'iston Respublikasining “Dunyo iste’dodlari uyushmasi“ va Qirg'iziston Respublikasining “Qirg'iz shoir-yozuvchilarining jamoatchilik fondi“ a'zosi. 2020 yil o'tkazilgan “Yil talabasi-2020“ respublika ta'nlovining universitet bosqichida “Yilning eng faol bloger talabasi“ nominatsiyasida g'olib bo'lgan. 


Adilbek Latipov izlanuvchan talabalardan. U ham ijodda, ham ilmiy sohada izlanishlar qilib, o'z ustida ishlab kelmoqda. Xalqaro ilmiy jurnal va ilmiy-amaliy konferentsiyalarda ilmiy maqola va tezislari e’lon qilingan. Nafaqat ilmda, ijodda ham yuqori yutuqlarga erishmoqda. Adilbek Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi. Qozog'iston Respublikasining “Dunyo iste’dodlari uyushmasi“ va Qirg'iziston Respublikasining “Qirg'iz shoir-yozuvchilarining jamoatchilik fondi“ a'zosi. Xalqaro ijodiy tanlovlar g'olibi. 2020 yil o'tkazilgan “Yil talabasi-2020“ respublika ta'nlovining universitet bosqichida “Yilning eng faol ijodkor talabasi“ nominatsiyasida g'olib bo'lgan. 

Dinora Fayzullaeva tirishqoq talabalardan biri. Ilm bilan shug'ullana boshlaganiga ko'p bo'lmagan bo'lsa ham ilmiy izlanishlarining ilk natijalarini xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferentsiya va anjumanlarda e’lon qikib bormoqda. “MDHning eng yaxshi yosh olimi“ xalqaro tanlovdagi yutug'i esa Dinoraning ilk eng katta yutug'i bo'ldi.

-Pandemiya davri o'zimizni, o'zligimizni anglashga sabab bo'ldi, - deydi Dinora Fayzullaeva. - Karantin payti bo'sh vaqtimizdan unumli foydalanib, ilmiy maqolalar yoza boshladim. Albatta ilm sohasi o'z yo'liga murakkab. Bu yo'lda bizga ustozlarimiz ko'magi anchayin asqotadi. Kafedramiz o'qituvchilari Qumar opa Begniyaziva, Ziyada opa Kojikbaeva kabi ustozlarimizdan jurnalistika sohasiga oid bilimlarni ham amaliy, ham nazariy jihatdan o'rganyapmiz. “MDHning eng yaxshi yosh olimi“ tanlovidagi g'oliblik men qatori Akmal va Adilbekning ilmiy ishlarida debocha bo'ldi deb o'ylayman.

Mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan imkoniyatlar eng avvalo, ularning yorqin kelajaklarini ko'zlab amalga oshirilmoqda. Akmal Srajatdinov, Adilbek Latipov va Dinora Fayzullaeva kabi yoshlar esa mamlakat kelajagining chinakam bunyodkorlari desak aslo yanglishmaymiz. G'oliblarimizga "MDHning eng yaxshi yosh olimi" mukofoti muborak bo'lsin!