28.03.2024, Payshanba

Amudaryoga kitob karvoni yetib keldi

Xalq ta’limi vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Amudaryo tumani maktablari uchun jo‘natilgan 70 xil nomdagi 2 ming 500 ga yaqin badiiy adabiyotlar karvoni manzilga yetib keldi.
 Bu kitoblar tumandagi 38-umumta’lim maktabida barcha ta’lim muassasalariga teng taqsimlandi.


Allomalarimiz aytganidek, kitob – beminnat ustoz. Har daqiqa u bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi. Darhaqiqat, kitobdan olinadigan bilim va ma’naviy quvvatni hech bir manba bera olmaydi. Hatto bugungiday shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda ham bu bebaho ne’mat o‘quvchining doimiy hamrohi bo‘lib kelmoqda. Kitob o‘qigan o‘g‘il-qiz borki, fikri teran, o‘qishi namunali, saboqlarni o‘zlashtirishi taxsinga loyiq bo‘ladi.

Eng sara asarlar durdonalaridan iborat kitoblar jamlanmasi o‘quvchi-yoshlarning dunyoqarashini yanada kengaytirib, ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz. Ta’lim maskanlariga ushbu kitoblar yetkazilganidan so‘ng, o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni yanada targ‘ib qilish, ularda milliy va jahon adabiyoti durdonalarini mutolaa qilishga qiziqish uyg‘otish maqsadida maktablarda «Kitob taqdimoti», «Kitob haftaligi», «Men sevgan adib» kabi tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri