29.03.2024, Juma

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyuldagi “Fan va oliy ta'lim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3876-sonli qarori haqida



Fan va oliy ta'lim sohasi xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, ularning kasbi obro'si va nufuzini oshirish, malakali kadrlarni ilmiy va pedagogik faoliyatga jalb etish uchun mehnatga haq to'lash va moddiy rag'batlantirishning munosib shart-sharoitlarini yaratish, shuningdek, olimlar va o'qituvchilarning iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarida keng ko'lamli tarkibiy o'zgarishlarni amalga oshirishda ishtirokini ta'minlash hamdaO'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyuldagi PQ-3876-sonli qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O'zbekiston RespublikasiPrezidentining 2018 yil 20 iyuldagi 
“Fan va oliy ta'lim sohasi xodimlarining mehnat haqi miqdorini yanada oshirish, ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalari joriy etilishini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi
PQ-3876-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan:
a) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Respublika oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to'lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–3655-son qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini va innovatsiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalari rahbar xodimlari va 
professor-o'qituvchilar tarkibining bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab tabaqalashtirilgan holda o'rtacha 25 foizga oshirilishi ma'lumot uchun qabul qilinganligi;
b) O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining:
2018 yil 1 avgustdan O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdorini 2 baravar oshirish;
2018 yil 1 sentyabrdan ilmiy faoliyatni konstruktor-texnologik ta'minlash, ilmiy laboratoriya uskunalariga xizmat ko'rsatish vazifalari yuklatilgan ilmiy-tadqiqot muassasalari muhandis-texnik xodimlarining ish haqi miqdorini egallab turgan lavozimi va ilmiy faoliyat sohasidan kelib chiqib, 30 foizdan 100 foizgacha tabaqalashtirilgan miqdorda oshirish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilganligi;
v) O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini va innovatsiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari, ilmiy faoliyatni konstruktor-texnologik ta'minlash, ilmiy laboratoriya uskunalariga xizmat ko'rsatish vazifalari yuklatilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarining muhandis-texnik xodimlari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari va 
professor-o'qituvchilar tarkibining ish haqi miqdori quyidagi ikki bosqichda oshirilishi:
2019 yil 1 yanvardan – 20 foizga;
2019 yil 1 iyuldan – 25 foizga;
g) O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligiga 2018 yil 25 iyulgacha bo'lgan muddatda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlari va 
ilmiy-tadqiqot muassasalari muhandis-texnik xodimlarining ish haqi miqdorini ushbu qaror talablarini inobatga olgan holda qayta ko'rib chiqish topshirilganligi;
d) Vazirlar Mahkamasiga mazkur qaror talablariga muvofiq 2018 yil 
1 noyabrgacha bo'lgan muddatda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan fundamental, amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini va innovatsiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar va ilmiy xodimlari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalari rahbar xodimlari va professor-o'qituvchilar tarkibining bazaviy lavozim maoshlarini tasdiqlash topshirilganligi;
e) Innovatsion rivojlanish vazirligiga Fanlar akademiyasi, Moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi bilan birgalikda ikki oy muddatda ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg'armasini (keyingi o'rinlarda-Jamg'arma) uning “Ipoteka bank” ATIBda 100 million AQSh dollari miqdoridagi hisobraqamlarini ochgan holda tashkil etish to'g'risidagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritish topshirilganligi;
j) Jamg'armaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanganligi:
ijtimoiy-iqtisodiy sohani yanada rivojlantirish maqsadida ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini jadal va keng joriy qilish;
ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni yuqori texnologik tadbirkorlik startap-loyihalarini birgalikda moliyalashtirish orqali amaliy natijalarga erishish uchun yo'naltirish;
tadqiqotlarni amalga oshirilayotgan startap-loyihalarda ta'sischi sifatida ishtirok etish orqali tijoratlashtirish darajasi yuqori bo'lgan mahsulotlar va texnologiyalarni jadal ishlab chiqishga yo'naltirish;
z) O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga Fanlar akademiyasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, shu jumladan, Jamg'arma mablag'lari hisobidan moliyalashtirish uchun ilmiy va ilmiy-texnik faoliyat natijalarini baholash va tanlashning aniq mezonlarini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritish topshirilganligi;
i) O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog'liq xarajatlarni o'z vaqtida moliyalashtirilishini ta'minlash;
Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
3.Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vazirligi:
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi, oliy ta'lim muassasalari hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog'liq xarajatlarni o'z vaqtida moliyalashtirilishini ta'minlasin;
Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda huquqiy-me’yoriy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida bir oy muddatda Vazirlar Kengashiga takliflar kiritsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Vazirlar Kengashi Raisining o'rinbosari M.A.Jumanov zimmasiga yuklansin.



Qoraqalpog'iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev