29.03.2024, Juma

Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlarining samaradorligini, jumladan, suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llagan holda, oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari zamon talablariga moslab borilayotganligi sababli suvni tejaydigan texnologiyalar 2021 yilning o‘zida 433 ming gektar maydonda joriy etildi va ularning umumiy ko‘rsatkichi sug‘oriladigan maydonlarning 17 foizini tashkil qildi.

Biroq, suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xarid qilish, joylarda loyihalashtirish va o‘rnatishdagi kamchiliklar hamda ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning bu boradagi ko‘nikmalari yetarli emasligi mazkur texnologiyalarning o‘z vaqtidan kechikib joriy qilinishiga sabab bo‘lmoqda.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurclaridan yanada samarali foydalanish maqsadida:

1. Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2022 yilda 478 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali suvdan foydalanish samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. 2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlar 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlarga muvofiq 2022 yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha kamida:

230 ming gektar, shu jumladan, 160 ming gektar paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib sug‘orish;

28 ming gektar, shu jumladan, 25 ming gektar boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda yomg‘irlatib sug‘orish;

2 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida diskretli sug‘orish tizimlari joriy qilinishini;

218 ming gektar ekin maydonlarining lazerli uskuna yordamida tekislanishini tashkil etsin;

b) Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev), Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov), Ichki ishlar vazirligi (S.A.Nishanbayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlar ijrosi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatsin hamda natijalarini tanqidiy muhokama qilib borsin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A. Xodjayev), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (U.M.Mustafoyev), Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi (B.F. Islamov) bilan birgalikda bir hafta muddatda 2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxatni tasdiqlasin, bunda:

suvni tejaydigan tizimlar, birinchi navbatda, yirik suv uzatish va suv chiqarish tarmoqlarining bosh qismida joriy etilishi lozimligini inobatga olgan holda “bir kanal – bir tizim” tamoyili asosida joylashtirilishiga;

ekin maydonlarining mavjud infratuzilmasidan kelib chiqqan holda doimiy ravishda uzluksiz elektr energiyasi va suv bilan ta’minlash imkoni mavjudligiga e’tibor qaratilsin.

4. 2022 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi belgilansin:

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 2-ilovaga muvofiq;

suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar 3-ilovaga muvofiq taqdim etiladi.

Subsidiya mablag‘lari mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq hisob-kitob qilingandan so‘ng, hisob-kitob qilingan summaning:

50 foizi tizim joriy qilingan yili ajratiladi;

50 foizi kelgusi yili hosildorlik oshishi va uskunalarning ishlatilishiga qarab ajratiladi;

qo‘shimcha 20 foizi uchinchi yilda joriy qilingan tizimni ishlatgan holda yuqori hosildorlikni saqlab qolgan paxta, g‘alla va meva-sabzavot klasterlariga to‘lab beriladi.

5. Belgilansinki:

mazkur qarorning 4-bandida nazarda tutilgan subsidiya mablag‘lari joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlari kamida besh yil ishlatilishi sharti bilan ajratiladi;

suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan yer maydonlari kamida 5 yil mobaynida maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘nggina ruxsat etiladi;

2021 yilda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilganligi uchun Davlat byudjetidan subsidiya mablag‘larini olgan, biroq joriy etilgan suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini sug‘orish mavsumida ishlatishga ulgurmagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar mazkur tizimni 2022 yil sug‘orish mavsumiga qadar ishga tushirmagan taqdirda olingan subsidiya mablag‘larini belgilangan tartibda Davlat byudjetiga qaytaradi.

Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov), Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (A.D.Vaxabov) va Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev va R.J.Qarshiyev) mazkur bandda belgilangan talablarning ijrosini qat’iy nazoratga olsin.

6. Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov, Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) 2022 yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash uchun respublika byudjetidan 1 182,4 milliard so‘m mablag‘larning o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasin.

7. Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan ekin maydonlari uzluksiz:

suv bilan ta’minlanishiga – suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev;

elektr energiyasi bilan ta’minlanishiga – “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi U.M.Mustafoyev shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilsin.

8. Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga:

irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tarkibida 1 shtat birligidan iborat ichki audit guruhlari (keyingi o‘rinlarda – ITHB ichki audit guruhlari) tashkil etilsin;

Suv xo‘jaligi vazirligining ichki audit xizmatiga qo‘shimcha 1 ta shtat birligi ajratilsin.

Belgilansinki:

a) ITHB ichki audit guruhlari bevosita Suv xo‘jaligi vazirligining ichki audit xizmatiga bo‘ysunadi;

b) ITHB ichki audit guruhlarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq ajratiladigan subsidiyalarning to‘g‘ri hisoblanganligini hamda belgilangan tartibda rasmiylashtirilganligini o‘rganish;

joriy qilingan suvni tejaydigan tizimlarning haqqoniyligini joyiga chiqqan holda o‘rganish;

Suv xo‘jaligi vazirligiga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan xulosa kiritish;

suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga sarflangan xarajatlar bo‘yicha hujjatlarni hamda bu borada amalga oshirilgan buxgalteriya operatsiyalarini doimiy monitoring qilib borish;

suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan qonun buzilishi holatlarining barvaqt oldini olishga qaratilgan choralar yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘limi tomonidan yuritiladigan suvni tejaydigan tizimlarning joriy qilingan maydonlari bo‘yicha hisobotlarning haqqoniyligini nazorat qilish.

9. Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R. Xamrayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A. Xodjayev) hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (Sh.Sh. Sharaxmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda o‘tgan yillarda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish ishlarini sifatli amalga oshirgan hamda bozor iqtisodiyotida erkin raqobat talablariga to‘liq javob bera oladigan “Tomchi-reestr” pudrat korxonalarining yagona elektron reyestri (keyingi o‘rinlarda – “Tomchi-reestr” YAER)ni ishlab chiqsin.

“Tomchi-reestr” YAERni ishlab chiqishda, jumladan, quyidagilarga e’tibor qaratilsin:

korxonaning ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lishiga;

korxona tomonidan mahalliy sharoitda ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilganligi yoki xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlik maqomiga ega bo‘lishiga;

amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan soliq xavfi darajasiga;

loyihani amalga oshirish uchun zarur texnika, malakali mutaxassis, jumladan, loyihachi, injener va agronomlar bilan ta’minlanganlik darajasiga;

amalga oshirilgan loyihalar doirasida fermer xo‘jaliklariga servis xizmati ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilganligiga.

Belgilab qo‘yilsinki, “Tomchi-reestr” YAERga kiritilmagan pudrat korxonalari tomonidan amalga oshirilgan loyihalarga subsidiya mablag‘lari ajratilmaydi.

10. “Tomchi-reestr” YAERga kiritiladigan sub’ektlarni aniqlash uchun Suv xo‘jaligi vazirligiga:

Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan xodimlar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar, to‘langan soliqlar va ish haqi fondi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

boshqa mutasaddi vazirliklar va idoralar tomonidan zarur idoraviy ma’lumotlar o‘rnatilgan tartibda taqdim etilishi belgilab qo‘yilsin.

11. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (K.A. Yuldashev) Suv xo‘jaligi vazirligi (R.J.Qarshiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.A.Pekos) hamda Moliya vazirligi (A.Ya. Xaydarov) bilan birgalikda 2022 yil 10 martga qadar suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish yuzasidan tegishli materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organ va tashkilotlar bilan kelishishning “Agro-subsidiya” yagona axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – “Agro-subsidiya” YAAT) joriy qilinishini ta’minlasin.

12. “Agro-subsidiya” YAAT hamda “Tomchi-reestr” YAERдaн foydalanish xarajatlari Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishi belgilansin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4499-son qaroriga muvofiq 2022 yil 1 yanvardan:

paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish uchun nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymatini Davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplash tartibi faqat suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga tatbiq etilishi;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari tomonidan suv xo‘jaligi tashkilotlarining sug‘orish quduqlari va vertikal drenaj quduqlaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun foydalanishga suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan ruxsat etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Bosh prokuratura (Sh.J.Raximov), Moliya vazirligi (A.Ya. Xaydarov) Ichki ishlar vazirligi (S.A. Nishanbayev) va Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.R.Xamrayev va R.J. Qarshiyev) mazkur bandda belgilangan talablarning ijrosini qat’iy nazoratga olsin.

14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov) Moliya vazirligi (A.Ya.Xaydarov) va Suv xo‘jaligi vazirligi (R.J.Qarshiyev) bilan birgalikda ikki oy muddatda 10 gektardan kam bo‘lmagan paxta va boshoqli don maydonlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda ko‘chma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 100 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Suv xo‘jaligi vazirligi (R.J. Qarshiyev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A.M.To‘rayev), Innovatsion rivojlanish vazirligi (Sh.U. Turdiqulova) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (R.R. Xakimov) bilan birgalikda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan g‘o‘za maydonlarida sug‘orish me’yorlari, g‘o‘zaning rivojini ta’minlashga qaratilgan innovatsion agrotexnologiyani ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy loyiha tayyorlasin va ekspertiza natijalariga muvofiq ilmiy faoliyatga oid Davlat dasturlari doirasida amalga oshirish choralarini ko‘rsin.

16. Quyidagilarga:

Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga – xolislik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligini ta’minlash;

suv xo‘jaligi vaziri Sh.R.Xamrayev zimmasiga – hududlarning o‘ziga xosligini hisobga olgan holda tomchilatib sug‘orish tizimini qurish bo‘yicha namunaviy loyihalarni ishlab chiqish, shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimini montaj qilish va servis xizmati ko‘rsatish guruhlari tashkil etilishini ta’minlash;

qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev zimmasiga – hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, suvni tejaydigan texnologiyalar orqali paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirish bo‘yicha agrotexnologik xaritalarni ishlab chiqish va tasdiqlash;

Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi direktori R.R.Boboyev zimmasiga – barcha yangi tashkil etilayotgan sanoatbop uzum plantatsiyalariga tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilishini ta’minlash yuzasidan javobgarlik yuklansin.

17. Suv xo‘jaligi vazirligi (A.A.Mirzayev) Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Sh.Sh. Mirzayev) va Moliya vazirligi (A.Ya. Xaydarov) bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur qarorga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi 95-son qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

19. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                                                                     Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 1 mart