29.03.2024, Juma

ISSIQXONALARDA QISHDA HAM YOZ NЕ’MATLARI YETILMOQDA


Qishloq aholisining asosiy qismining bandligi ta’minlanayotgan qishloq xo‘jaligiga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, ilg‘or texnologiyalar joriy etilayotganligi mahsulot yetishtirish hajmi oshishiga, ekin maydonlaridan samarali foydalanishga asos bo‘layotir.

Ayniqsa keyingi yillarda issiqxonalarda turli sabzavotlar yetishtirilayotgani, ertagi ekinlar ko‘chatlari yetishtirilib, ochiq maydonga ko‘chirib o‘tqazilayotgani sabzavot va poliz mahsulotlarining erta yetilishini, bozorlarimiz to‘kinligini ta’minlayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida issiqxonalar qurish hamda ularni tijorat banklari, lizing kompaniyalari orqali aholiga lizing va kredit shartlari asosida berish nazarda tutilgan. Shuningdek issiqxona xo‘jaligini rivojlantirishda oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘l-yo‘riqlari bayon etilgan.

Bu kabi imkoniyatlar yurtimizda issiqxonalar ekin maydonlarining hajmi oshishiga, soni ko‘payishiga va mahsulot yetishtirishning ko‘payishiga zamin yaratmoqda.

Amudaryo tumanida ham bu borada olib borilayotgan sa’y-harakatlar tufayli bozorlarimizda sabzavot, meva-chevalar serob. Yangi uzilgan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, turli ko‘katlar izg‘irinli qish havosida ham yoz taftini, pishiqchilik davrini esimizga soladi.

Keyingi yillarda tumanimiz ovul va mahallalari aholisi o‘z tomorqa yerlarida kichik konstruksiyali zamonaviy issiqxonalar qurib, sabzavotlar, ertagi sabzavot ekinlari ko‘chatlari yetishtirishga alohida e’tibor qaratishmoqda.

Xolimbeg ovulida tomorqa yerlaridan mo‘l hosil yetishtirish hadisini olgan, daromad manbalarini yaratib, oila a’zolarining bandligini ta’minlayotgan tadbirkor dehqonlar ko‘p. Karimboy O‘rozboyev ham shularning biri. U o‘z tomorqasida “Mikrokreditbank” tuman filialining 100 million so‘mlik imtiyozli krediti hisobiga 10 sotix maydonda zamonaviy issiqxona barpo etdi. Issiqxona “Asaka innovatsion tomorqa” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurildi.

Tajribali dehqon ushbu issiqxonasiga “Stat elegant” navli nomidor urug‘ini ekib, farzandlari, kelinlari ko‘magida parvarish qildi.

Hozirgi kunda har sotixida 300-350 dona pomidor ko‘chatlarining hosili pishay deb turibdi. Har bir tup pomidor poyasidagi mevalarni ko‘rgan ko‘z quvonadi.

Karimboy O‘rozboyev dehqonchilikda ulkan tajriba to‘plagan, ekinlardan mo‘l hosil olishda o‘zi xos bilim va malakaga ega inson.

U endilikda issiqxona ham daromad manbai ekanligini, farzandlari, kelinlari bandligini ta’minlabgina qolmay, oilasi farovonligini ham ta’minlashi mumkinligini o‘z faoliyatlarida ko‘rdi.

Hozirgi kunda pishib yetilay deb turgan pomidorlar xalqimiz dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa  bo‘lib qo‘shiladi. Ha, ularning issiqxonasida izg‘irin, qor-qirovli kunlarda yoz nematlari yetilmoqda.

Oygul RAJABOVA.