28.03.2024, Payshanba

Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

1. Har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada (keyingi o‘rinlarda – mahalla) yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilsin.

2. Quyidagilar mahalladagi yoshlar yetakchisining (keyingi o‘rinlarda – Yetakchi) asosiy vazifalari etib belgilansin:

“Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish;

mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, Besh muhim tashabbus loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish;

yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish;

yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash;

huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashish.

3. Yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlarda amalga oshiradi:

madaniyat va san’atni targ‘ib qilish borasida – “San’at g‘unchalari” ko‘rik-tanlovi, maqom, baxshichilik va estrada bo‘yicha “Yoshlar ovozi”, “Yosh musavvirlar” tanlovlari hamda “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyot festivalini o‘tkazadi, shuningdek, yoshlar va bolalar teatr jamoalarini tashkil etadi;

sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish borasida – mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish bo‘yicha musobaqalarni tashkil etadi, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda “Yosh ekolog” aksiyasini o‘tkazadi;

axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish borasida – “Bir million dasturchi”, “Dasturlashga birinchi qadam” loyihalarini amalga oshiradi, kibersport chempionati va “Axborot texnologiyalari bilimdoni” tanlovini o‘tkazadi;

ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida – “Zakovat” musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni” va “Yosh poliglot” tanlovlari hamda “Munozara” intellektual va milliy xalq o‘yinlarini tashkil etadi;

vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish borasida – “Yosh chegarachi”, “Yosh qutqaruvchi”, “Quvnoq startlar”, “Temurbeklar”, “To‘maris malikalari”, “Shunqorlar”, “Yosh huquqshunos”, “Yosh saylovchi”, “Yosh deputat” tanlovlari hamda “Men ham askar bo‘laman” aksiyalari va harbiy qismlarga sayohatlarni tashkil etadi;

tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida – “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” va “Mahallaning ishbilarmon tadbirkori” tanlovlari, “Biznesga birinchi qadam” grant loyihasi hamda muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarni tashkil etadi.

4. Yetakchilar ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan tadbirlar mahalladagi yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda har kuni o‘tkazilishini ta’minlab borsin.

5. O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi (Turdiyev) va Yoshlar ishlari agentligi (Sa’dullayev):

har bir mahallada “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalarini amalga oshirsin;

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda “Yoshlar nuroniylar e’tiborida” rukni ostida turkum ko‘rsatuvlar tayyorlanishi va efirga uzatilishini ta’minlasin;

mahallalarda yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan turkum tadbirlarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

6. Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston sport federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlari:

har chorakda hududlar kesimida kamida bir marotaba havaskor yoshlar orasida musobaqalar o‘tkazilishi bo‘yicha yillik reja-grafiklarini tasdiqlab, amalga oshirilishini ta’minlasin;

musobaqalarda ijobiy natijalarga erishgan yoshlar sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi va professional sportchi bo‘lib yetishishi uchun ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsin.

Madaniyat vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar Yetakchilar tomonidan mahallalarda tadbirlar o‘tkazilishida amaliy yordam ko‘rsatib borsin.

7. Belgilansinki:

har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat bo‘yicha eng ilg‘or 100 nafar Yetakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan va ularga yetakchilik qilayotgan Yetakchilar “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

8. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 martdan boshlab:

1-ilovada ko‘rsatilgan yordam turlari Yetakchining tavsiyasi asosida beriladi;

Yetakchi yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish bo‘yicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi bilan hamkorlik qiladi;

Yetakchi yuqorida ko‘rsatiladigan yordam turlarini berishni ko‘zda tutilgan har bir murojaatning samaradorligi va maqsadga muvofiqligini chuqur o‘rgangan holda ularni berish uchun mas’ul idora va tashkilotlarga o‘z tavsiyasini taqdim etadi;

Yetakchi beriladigan tavsiyalarning asosliligi, haqqoniyligi va adolatliligi uchun mas’ul hisoblanadi.

Yoshlar ishlari agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur qarorga 1-ilovada ko‘rsatilgan yordam turlarini berishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlardagi mexanizmlarni ixchamlashtirish va soddalashtirish yuzasidan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Quyidagilar:

Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasida xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida 3 nafar shtat birligidan iborat bo‘lgan Yoshlar ishlari sho‘’basi;

Yoshlar ishlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari tuzilmalarida mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari tashkil etilsin.

10. Davlat oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorga (direktor o‘rinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi o‘rinbosari) maqomi berilsin.

Davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari yoshlar masalalarida idoralararo hamkorlik va Yetakchilar faoliyatiga ko‘maklashish uchun mas’ul deb hisoblansin.

11. Belgilab qo‘yilsinki:

Yoshlar masalalari bilan shug‘ullanish va hududlarda ushbu faoliyatni muvofiqlashtirish shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan amalga oshiriladi;

Yetakchilarning hamda Yoshlar ishlari agentligining mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi 10 008 nafar yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;

Yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;

Yetakchi lavozimiga yoshlar bilan ishlash tajribasiga ega, yoshlarni ergashtira oladigan, shaxsiy fazilatlari bilan namuna ko‘rsatgan, fidoyi, sadoqatli va vatanparvar nomzodlar tayinlanadi.

12. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarning ish bilan ta’minlanishi choralarini ko‘rsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi:

ish faoliyati natijalariga ko‘ra Yetakchilarni Milliy kadrlar захирасиga kiritsin, bunda ushbu Yetakchilar tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazilishi mumkin;

ikki yillik mehnat faoliyati natijalariga ko‘ra Yetakchilarning lavozimini oshirish yuzasidan vazirlik va idoralar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga taklif kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar Yetakchilar uchun yangi joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil etsin.

O‘quv seminarlarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga o‘quv seminarlarini o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish vazifasi yuklansin.

14. Yetakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilansin:

xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida;

xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida;

xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari miqdorida.

Yoshlar ishlari agentligiga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, Yetakchilarni har chorak yakuni bo‘yicha oylik ish haqining 50 foizigacha miqdorda mukofotlash huquqi berilsin.

15. Belgilansinki:

boshqa hududlardan kelib o‘z faoliyatini olib borayotgan Yetakchi uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha bo‘lgan miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi;

yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan Yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida, biroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi PF-33-son farmoniga muvofiq belgilanadigan uy-joy hisoblangan qiymatining 50 foizidan yuqori bo‘lmagan miqdorda subsidiya beriladi;

ushbu qarorning 7-bandi ikkinchi xatboshisi, 14-bandi va ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tadbirlarning moliyalashtirilishi belgilangan tartibda Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi;

Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan shaxslarning harbiy va maxsus unvonlari saqlab qolinadi, Yetakchi lavozimidagi ish staji navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olishda hisobga olinadi, shuningdek, ularga oldingi ish joyiga qaytganida qonunchilikda belgilangan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi;

qonunchilik hujjatlariga muvofiq kadrlarning amaldagi zaxirasini shakllantirish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralar Yetakchi lavozimiga ishga qabul qilingan xodimlarini kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritib safarbar qiladi.

16. Yoshlar ishlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan byudjet mablag‘lari hisobidan har bir Yetakchining ish faoliyatini to‘liq raqamlashtirsin hamda quyidagi yo‘nalishlarni nazarda tutuvchi elektron reyting tizimini (KPI) joriy etsin:

mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini kunlik amalga oshirish holati;

tadbirlarda mahalladagi yoshlarni to‘liq qamrab olinganlik darajasi;

“Yoshlar balansi”ni shakllantirish, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalarini raqamlashtirish darajasi;

xorijda yurgan mahalla yoshlari bilan yaqindan aloqaning yo‘lga qo‘yilganligi.

17. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022 yil 1 martga qadar:

Yetakchilar uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan xizmat xonalarini ajratsin va ularni moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter to‘plami, aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlasin;

mahalliy byudjet mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Yetakchilarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga ulangan, masofadan turib hisobotlar taqdim etish hamda videokonferensaloqa shaklida yig‘ilishlarda ishtirok etish imkonini beruvchi planshetlar bilan ta’minlasin.

Yoshlar ishlari agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda planshetlarda foydalaniladigan dasturiy ta’minotni ishlab chiqsin va Yetakchilarga taqdim etsin.

18. Moliya vazirligi ushbu qaror bilan ajratilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo‘shimcha daromad va iqtisod qilinadigan mablag‘lari doirasida ajratilishini ta’minlasin.

19. Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Yetakchilarning faoliyatini samarali tashkil etish, ularga o‘z vazifalarini lozim darajada amalga oshirishi uchun uslubiy ko‘maklashish;

mahallalarda yoshlar bilan ishlashning yaxlit vertikal “mahalla – tuman – viloyat – respublika” boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha ishlar samaradorligini nazorat qilish;

Yetakchilar faoliyatida vujudga keladigan muammolarni hal qilish yuzasidan idoralararo hamkorlikni ta’minlash.

20. Yoshlar ishlari agentligi:

ikki hafta muddatda Yetakchining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, vakolatlari va javobgarligini belgilash bo‘yicha namunaviy nizomni tasdiqlasin;

har haftada hokimlar va Yetakchilar ishtirokida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilib borsin;

Yetakchilar faoliyatining samarali tashkil etilishini ta’minlash maqsadida har haftada hududlarga chiqib, mahallabay ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlarni joyida o‘rganib borsin;

har oyda amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risida Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasiga axborot kiritib borsin;

ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. Yetakchilarni ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash taqiqlansin.

22. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) mahalliy byudjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalarning kamida 15 foizi miqdorida mablag‘larni har chorakda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilishini qat’iy ta’minlab borsin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

24. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi raisi K.K.Kuranbayev, Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z.Sa’dullayevQoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida har olti oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                        Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 19 yanvar