29.03.2024, Juma

Mard posbonlari bor xalqning ertangi kunga ishonchi mustahkam, g‘urur-iftixori baland bo‘ladi – Prezident

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 13 yanvardagi farmoniga muvofiq, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining bir guruh xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

14 yanvar kuni Prezident Administratsiyasida ushbu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni barcha harbiy xizmatchilarni va soha faxriylarini mazkur shonli sana bilan tabrikladi.

– Mustaqilligimizning 30 yilida Qurolli Kuchlarimiz tashkil topib, fidoyi askarlar, ofitser va generallar yetishtirib, zarur aslahalar bilan ta’minlanib, bugun mana shunday yetuk armiyaga aylandi. Bu jonajon Vatanimizdagi tinchlik, barqarorlik, xalqimizning osoyishta yashashiga zamin bo‘layapti, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi yillarda mudofaa tizimining jangovar salohiyatini oshirish bo‘yicha juda katta ishlar qilindi. Harbiy boshqaruv tizimi deyarli yangidan barpo etildi. Harbiy-ma’muriy sektorlar tuzildi.  Qo‘shin turlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar yo‘lga qo‘yildi. Eng murakkab vazifalarni ham tezkorlik bilan bajarishga qodir bo‘lgan bo‘linmalar tashkil etildi. Qo‘shinlarning jangovar va ruhiy tayyorgarlik darajasi oshdi.

Qurolli Kuchlar Akademiyasi, yangi tashkil etilgan Harbiy-tibbiyot akademiyasi, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari va boshqa ixtisoslashtirilgan o‘quv yurtlari professional kadrlar tayyorlash maskanlariga aylanib bormoqda. Yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatga qiziqish va intilish kuchaymoqda.

Har yili Vatan himoyachilari kuni arafasida Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi o‘tkazilib, sohada bajarilgan ishlar va navbatdagi muhim vazifalar muhokama qilib borilmoqda.

– Kechagi yig‘ilishda biz munosib kuch-qudratimizni bundan ham mustahkamlash, har bir yo‘nalishda ilmni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha katta rejalar qabul qildik. Dunyoda va mintaqamizda bo‘layotgan tahlikali voqealarni chuqur tahlil qilib, xalqimizning tinchligi, chegaralarimiz daxlsizligi bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘ramiz. Biz faqat o‘z kuchimizga ishonamiz, – Oliy Bosh Qo‘mondon.

Vatan himoyachilari bilim va fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

– Harbiy okruglarga, harbiy-ma’muriy sektorlarga men qo‘ygan eng katta vazifa – xalq bilan armiya birligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash haqida bo‘ldi. Bunda sizlar yetakchi, har bir harakatingiz bilan yoshlarga namuna bo‘lasiz, deb ishonaman, – dedi davlat rahbari. 

Inson qadrini ulug‘lash tamoyili bu sohada ham namoyon. Harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat va yashash sharoitlari yaratilmoqda. Xususan, so‘nggi besh yilda 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi imtiyozli kreditlar asosida uy-joy bilan ta’minlandi. Ular xizmat muddatini o‘tab bo‘lganidan keyin ish va tibbiy xizmatlar ta’minlanishi ham e’tiborda.

Bugun bayram munosabati bilan joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar, vatanparvarlarga topshirilayotgan mukofotlar ham  inson qadrini ulug‘lashning yana bir namunasi.

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev unvon to‘g‘risidagi guvohnomalarni, orden va medallarni tantanali ravishda topshirdi. Vatan himoyachilariga sihat-salomatlik, zimmasidagi olijanob vazifalarni samarali ado etishda ulkan zafarlar tiladi.

– Afsuski, hamma mukofotlanganlarni bu zalga yig‘ishning iloji yo‘q. Lekin barcha mukofotlanganlarni, bugun kelolmaganlarni ham davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan chin dildan tabriklayman. Mukofot bu – e’tibor, xalqimizning ishonchi timsoli. Bu sizlarga ruh, kuch-g‘ayrat bag‘ishlab, yangi-yangi muvaffaqiyatlarga undashi kerak. Mard posbonlari bor xalqning ertangi kunga ishonchi mustahkam, g‘urur-iftixori baland bo‘ladi, – dedi Prezident.

So‘zga chiqqanlar yuksak mukofot va doimiy e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.


UzA