28.03.2024, Payshanba

Davlat byudjeti loyihasi muhokama qilindi


Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Davlat rahbari mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilangani, bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda ham bosh mezon bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

Shu bois kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz bu mablaqqa qo‘shimcha tarzda yana 12 trillion so‘m ajratish taklifini bildirdi. Chunki hududlardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, kelgusi yilda 55 ta yangi dastur amalga oshirilishi belgilangan.

Jumladan, chekka joylarda 1 ming 600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy ta’lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta’mirlash, darsliklarni yangilash hamda kompyuter sinflari ochish kabi ko‘plab chora-tadbirlar mo‘ljallangan.

Oliy ta’lim tizimida ham vazifalar ko‘p. Xususan, bakalavr yo‘nalishida davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabalar ijara xarajatlarining bir qismini qoplash ko‘zda tutilgan.

Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish hamda hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etishga kelgusi yilda jami 8 trillion so‘m ajratilishi mo‘ljallanmoqda. Shundan 1 trillion so‘mi onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigarni ko‘chirish kabi dasturlarga yo‘naltiriladi. Koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga yetkazish, ehtiyojmand aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar uchun ham zarur mablag‘ ajratiladi.

Prezidentimiz muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini ta’kidlab, buning uchun qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirishni taklif qildi.

Davlat byudjeti loyihasida hududlar infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham keng o‘rin berilgan. Uy-joylar va ijtimoiy ob’ektlar qurish, mahallalarni obod etish chora-tadbirlari uchun 26 trillion so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

– Bu sohalarga shu kungacha bunday katta mablag‘ berilmagan. Endi buni tartibli, samarali tarzda joy-joyiga yetkazish kerak. Shuning uchun har bir dastur bo‘yicha ajratiladigan mablag‘larni maqsadli ko‘rsatkichlar bilan bog‘lagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Byudjet tizimida moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Buning uchun temir intizom bilan, davlat xaridlari tizimida oshkoralikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Moliya vazirligiga kelgusi yil 1 yanvardan tenderlarni inson omilisiz o‘tkazish tizimini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, barcha byudjet tashkilotlari buxgalteriyasini to‘liq raqamlashtirish, davlat xaridlari bo‘yicha hisob-kitoblarni elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari byudjet loyihasini mahalliy kengashlar, tadbirkorlar va aholi bilan muhokama qilish, ularning takliflarini Oliy Majlisga muhokamaga kiritish lozimligini ta’kidladi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.


uza.uz