29.03.2024, Juma

Қоракўлчилик тармоғини янада ривожлантириш бўйича қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Bugungi kunda mamlakatimizda qorako'lchilik tarmog'i korxonalarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini texnik va texnologik jihatdan yangilash, o'zbek qorako'li brendini yaratish va dunyo miqyosida targ'ib qilish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mayda shoxli nasldor mollarni ko'paytirish, shuningdek, ularni so'yish, teri va junini qayta ishlash, go'sht-sut mahsulotlari, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish, tarmoqqa rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, suv bilan ta'minlanmagan yaylovlarda yangi suv inshootlarini qurish
va mavjudlarini modernizatsiya qilish borasida bir qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, mavjud yaylovlar hosildorligini oshirish, urug'chilik maydonlarini kengaytirish, naslchilik ishlarini yanada takomillashtirish, sohada eksportbop qorako'l va qorako'lcha teri etishtirish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, qorako'lchilik tarmog'ini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, yaylovlardan samarali foydalanish
va yaylovlardan foydalanishda soliq imtiyozlarini qo'llash, urug'chilik ishini yo'lga quyish, naslchilik ishlarini takomillashtirishda subsidiya berish tartibini qo'llash hamda sohaning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2021 yil 1 martga qadar qorako'lchilik klasterlari tomonidan qo'y va echkilarni bo'rdoqiga boqish komplekslarini tashkil etish maqsadida ularga qishloq xo'jaligida foydalanilmayotgan sug'oriladigan erlarni foydalanishga kiritish sharti bilan ozuqalar etishtirish uchun 1-ilovaga muvofiq er maydonlari ajratilishini ta'minlasin.

2. Moliya vazirligi qorako'lchilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2021 yil 15 fevralga qadar Moliya vazirligining vaqtincha bo'sh turgan mablag'lari (O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari mablag'lari, byudjetni qo'llab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari, suveren xalqaro obligatsiyalarni chiqarish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar) hisobidan 100 milliard so'm mablag'larni “Turonbank” ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratsin.

“Turon bank” ATB mazkur bandga asosan ajratiladigan mablag'larni Respublika “Qorako'lchilik” uyushmasi (keyingi o'rinlarda – Uyushma) a'zolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan, bir yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga 2 foizlik bank marjasini qo'shish orqali hisoblanadigan stavka bo'yicha kredit sifatida quyidagi maqsadlarga taqdim etilishini ta'minlasin:

naslchilik qorako'lchilik xo'jaliklaridan qo'ylar xarid qilish;

qorako'lchilik sohasida eksportbop qorako'l va qorako'lcha terini qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish;

qorako'lchilik sub’ektlari tomonidan ozuqa tsexlari (granulyator)ni tashkil etilishini hamda qishloq xo'jaligi texnikalari va agregatlari, resurs tejovchi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar xarid qilinishini moliyalashtirish;

suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini ta'mirlash va modernizatsiya qilish.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan kreditlar bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 sentyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako'lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–6059-son farmoni 1-bandining ettinchi xatboshisida belgilangan tartib asosida Tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan kompensatsiya ajratiladi.

3. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga ko'ra:

2024 yil 1 yanvarga qadar Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasining (keyingi o'rinlarda – Qo'mita) doimiy egaligidagi yaylovlar hamda O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi tomonidan Qo'mitaga ijaraga berilgan yaylovlar uchun belgilangan er solig'i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;

nasldor qo'y va echkining, shu jumladan, qorako'l zotli qo'ylarning xorijiy davlatlardan import qilingan har bir embrioniga O'zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag'lari hisobidan 400 ming so'm miqdorida subsidiya taqdim etiladi;

2021 yil 1 apreldan boshlab Uyushma a'zolariga o'zlari tomonidan import qilingan qo'y bosh sonining 50 foizidan oshmagan qismini tirik va xom go'sht ko'rinishida (TIF TN bo'yicha 0104 va 0204 kodlari) eksport qilishga ruxsat etiladi, bunda eksport kontraktlari monitoringi Qo'mita
va Uyushma tomonidan yuritiladi.

4. Qo'mita Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Davlat bojxona qo'mitasi bilan birgalikda 2021 yil 20 martga qadar Uyushmaga a'zo bo'lgan xo'jaliklar tomonidan O'zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali qo'y, uning go'shti va ichki organlari, oshlangan yoki qayta ishlangan qorako'l terisining olib chiqilishini monitoring qilish va tegishli davlat organlari bilan ma'lumot almashish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi “O'zstandart” agentligi va Davlat bojxona qo'mitasi bilan birgalikda eksportga yo'naltirilgan tirik qo'y va ulardan olingan go'sht mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishda xalqaro standartlar va talablar asosida tegishli hujjatlarni sifatli tayyorlash, import qiluvchi mamlakatlar talablarini eksport qiluvchi korxonalarga etkazishni ta'minlasin hamda eksport qilishda ularga har tomonlama ko'maklashsin.

6. Qo'mita, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Uyushmaning:

ilm-fan va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta'minlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qorako'lchilik va cho'l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti tuzilmasida Markazlashgan ilmiy-naslchilik tajriba laboratoriyasi (keyingi o'rinlarda – naslchilik laboratoriyasi)ni tashkil etish;

naslchilik laboratoriyasini Qorako'lchilik va cho'l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining bo'sh turgan Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Mirzo Ulug'bek ko'chasi, 47-uy manzilidagi binosiga ijara to'lovining “nol” stavkasi asosida joylashtirish to'g'risidagi takliflari ma'qullansin.

Naslchilik laboratoriyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

sohada mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etish asosida tabiiy serpushtlikka, yuqori hayotchanlik va moslashish xususiyatiga ega bo'lgan qo'sh mahsuldor yangi qo'y zotlarini yaratishning laborator tajribalarini olib borish;

nasldor qorako'l qo'ylarining sifat ko'rsatkichlari (qo'y vazni, sanoatbop jun, qorako'l terisi sathi va gul tipi)ni yaxshilash bo'yicha tajribalar o'tkazish va tavsiyalar ishlab chiqish;

ilmiy-naslchilik tajriba stantsiyalarida yuqori nasldor elita sinfiga mansub naslli qo'ylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish
va sun’iy urug'lantirish ishlarini tizimli yo'lga qo'yish.

7. Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi Qo'mitaning buyurtmalariga asosan yaylovlarda er osti suv manbalarini aniqlash
va xulosa berish bepul amalga oshirilishini ta'minlasin.

8. Toshkent shahar xokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Furqat ko'chasi, 1-uy manzilida joylashgan binoning ikkinchi va uchinchi qavatiga Uyushmani bepul joylashtirish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga
2-ilovaga muvofiq o'zgartirishlar kiritilsin.

10. Qo'mita ikki oy muddatda:

xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qo'y va echkining, shuningdek, qorako'l zotli qo'ylarning har bir embrioniga O'zbekiston Respublikasining respublika byudjeti mablag'lari hisobidan subsidiya taqdim etish tartibini;

boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirishlar to'g'risidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul hamda shaxsiy javobgar etib Qo'mita raisi B.Q. Sharipov belgilansin.

Qarorning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Sh.M. G'aniev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga har yarim yil yakuni bo'yicha axborot kiritib borilsin.

 

O'zbekiston Respublikasi

          Prezidenti               Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2021 yil 9 fevral