19.09.2020, Shanba

Qoraqalpog'istonlik tadbirkorlar: “Saxovat va ko'mak” ishlarida Prezidentimizga kamarbasta bo'lamiz

Yurtimizda davom qilayotgan pandemiya tufayli qiyin sharoitga tushib qolgan oilalarga yordam berishni barcha tashkilotlar o'zlarining burchi sifatida qaramoqdalar. Sal oldinroq   Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi  va uning tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan 170 million so'mdan ortiqroq mablag' «O'zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondining hududiy muassasasi hisob raqamiga o'tkazilgani xabar qilingan edi.  Ayni kunlarda sohadagi melioratsiya va irrigatsiya ishlarini bajarib kelayotgan pudratchi tashkilotlar, ya’ni tadbirkorlar ham bu kabi xayrli ishlarga o'z hissasini  qo'shish tashabbusi bilan chiqmoqda. 



-  O'n ikki yildan buyon Qoraqalpog'iston Respulikasining turli hududlarida melioratsiya va irrigatsiya ob’ektlarini rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash va tiklash ishlarini amalga oshirib kelamiz, - deydi «Bunyodkor-Karakalpakstan» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari D.Yusupov.  Bundan yigirma kuncha oldin Muhtaram Prezidentimizning murojaatlari asosida ijtimoiy yordamga muxtoj oilalarga yordam berishni boshlagan edik. Dastlabki xayriya tadbirlari doirasida 118 ta oilaga 20 kunlik asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatgan edik. Yaqinda Davlatimiz rahbari “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakatini yo'lga qo'yish tashabbusini ilgari surib, ushbu muqaddas Ramazon oyida har bir tadbirkor o'zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo'ni-qo'shnilarini faol qo'llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq, – degan ta'kidlari bizning bu boradagi ishlarimizni davom qildirishga turtki bo'ldi.  

Ikki kun ichida mahalla oqsoqollari va boshqa mas’ullar bilan birgalikda Qoraqalpog'iston Respublikasi To'rtko'l tumani hududidagi kam ta'minlangan, nogironligi bor va ehtiyojmand 100 ta oilaning ro'yxati shakllantirildi. Shu bilan umumiy olganda 218 ta ehtiyojmand oilalarga korxonaning o'z mablag'lari hisobidan jami 60 million so'mlik oziq-ovqat maxsulotlari sotib olinib, belgilangan  sanitariya talablari asosida va mas’ullar ishtirokida bepul tarqatildi. Biz bu bilan to'xtab qolmaymiz. Yaqin kunlarda  karantindan chiqib, ishlarimizni yo'lga qo'yib olsak, xayriya tadbirlarini davom qildirib bu borada tashkil qilingan fondga ham pul mablag'larini o'tkazishni rejalashtirganmiz.   

Aslida, har yili Ramazon oyida ehson va xayriya tadbirlarini amalga oshirar edik. Bu yil yurtimizdagi sharoitni hisobga olgan holda iftorlikka sarflanadigan mablag'larga ham oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olib, aholining kam ta'minlangan qatlamlariga tarqatmoqdamiz. Davlatimiz rahbari shu kunlarda xalqimizni koronavirus balosidan asrash borasida tinim bilmay, barcha zarur choralarni ko'rib, juda katta ishlarni amalga oshirmoqdalar. O'z navbatida biz tadbirkorlar “Saxovat va ko'mak” ishlarida Prezidentimizga kamarbasta bo'lamiz va tashabbuslariga har doim labbay, deya javob beramiz. Boshqa tadbirkorlarni ham ushbu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko'rsatishni щzlari uchun ham qarz, ham farz bilib, “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakatida faol ishtirok qilishga chaqirgan bo'lardim. 

Ha, Prezidentimiz bugungidek qiyin sharoitda yordamga muhtoj aholini ham tadbirkorlarni ham har tomonlama qo'llab quvvatlashga e’tibor qaratmoqdalar. Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor muhtoj oilalarga saxovat yordamlarini ko'rsatsa, o'z navbatida bunday tadbirkorlarga davlat tomonidan soliq, lizing, kredit to'lovlari, zarur resurslar bilan ta'minlash bo'yicha turli imtiyoz va preferentsiyalar berilishi nazarda tutilgan. Bu imtiyozlar tadbirkorlarning xalqimizga saxovat va ko'mak berish imkoniyatini yanada oshirmoqda.

G'ayratjon OTAJONOV, 

Qoraqalpog'iston Respublikasi Suv xo'jaligi 

vazirligi matbuot kotibi