19.09.2020, Shanba

Qoraqalpog’istonda “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakati start oldi

Xabaringiz bor, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 aprel kungi videoselektor yig’ilishi avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo’llab-quvvatlash masalasiga alohida to’xtalib o’tdi. Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko’lamini yanada kengaytirish kerakligini ta’kidladi. Hozirgi pandemiya paytida turli mamlakatlarda ishsizlar, yordam va ko’makka muhtoj aholi soni ortib bormoqda. Butun dunyoda bo’lgani kabi bu murakkab jarayon O’zbekistonni ham chetlab o’tayotgani yo’q. Albatta, xalqimizni ta’minlash uchun ham, iqtisodiyotni qo’llab-quvvatlash uchun ham mamlakatimizning zaxiralari va imkoniyatlari etarli. Shu bois Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakatini yo’lga qo’yish tashabbusini ilgari surdi. Umumxalq harakati asosida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar, iftorliklarga sarflanadigan mablag’lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo’naltirilishi belgilangan.

 

Bugun, 26 aprel kuni Qoraqalpog’iston Respublikasida “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakatiga start berildi.


Nukus shahridagi «Aydin jol», «Botanika» mahalla fuqarolar yig’inidagi ko’makka muhtoj qariyalar, oilalar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo’lgan va hozirda «Kurilisshi» mahalla fuqarolar yig’ini hududidagi «Yoshlar uyi»da istiqomat qilayotgan jami 300 dan ortiq ko’makka muhtoj oilalarga O’zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog’iston Respublikasi Kengashi faollari, «Yoshlar-kelajagimiz» jamg’armasi Qoraqalpog’iston Respublikasi bo’limi va shahar, tuman bo’linmalari hodimlari, shuningdek jamg’armadan imtiyozli kredit olib tadbirkorlik bilan shug’ullanayotgan yosh tadbirkorlar homiyligida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Shuningdek, keksa otaxon va onaxonlarning tomorqa yerlariga ko’ngilli yoshlar tomonidan ko’chatlar o’tqazildi.



– Qoraqalpog’istonda harakat asosida belgilangan saxovat tadbirlarida janbozlik ko’rsatish istagidagi homiylar ko’pchilikni tashkil etmoqda. Shu bois, mazkur xayriya tadbirlari yana davom etadi. Biz yana 700 nafar yordamga muhtoj oilalarga Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur umumxalq harakati asosida saxovat tadbirlarini amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz, – deydi Ittifoqning Qoraqalpog’iston Respublikasi Kengashi raisi, senator Abatbay Daniyarov.

 

 

Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog’iston Respublikasi Kengashi axborot xizmati.

Izoh: “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakati doirasida joylardagi amalga oshirilgan ishlar batafsil alohida yoritiladi