19.09.2020, Shanba

To'rtko'lga to'yga kelib koronavirus yuqtirgan Qozog'iston fuqarosi haqidagi xabar yuzasidan qo'shimcha ma'lumot

Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi ushbu xabar yuzasidan quyidagicha axborot berdi.


Agar G. isimli Qozog'iston fuqarosida koronavirus infektsiyasi laborator usulda aniqlanganida (buning uchun etarli vaqt o'tdi, qolaversa, Qozog'iston ommaviy axborot vositalari kasallik topildi deya xabar berdi) Qozog'iston Respublikasining tegishli tashkilotlari tomonidan O'zbekistonga rasmiy ma'lumot kelib tushishi kerak edi. 

Bunday rasmiy ma'lumot esa haligacha berilmadi – bu ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ma'lumotlarning yolg'on ekanligini ko'rsatadi. 

Shuningdek, norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, G. isimli ayol alohida boksta emas, balki boshqa yonidagi kishilar bilan oddiy karantin nazoratida ekan.

O'tgan kungi ma'lumotimizda To'rtko'l va Ellikqal’a tumanlarida qozog'istonlik fuqarolar bilan muloqatda bo'lgan kishilar aniqlanib, ular tibbiy ko'rikdan o'tkazilgani, ulardan tegishli laborator tahlillar olingani va ularning hesh birida koronavirus kasalligining belgilari aniqlanmagani aytilgan edi. 

Kecha tunda chiqqan laborator tahlillarning natijalariga ko'ra, qozog'istonlik fuqarolar bilan muloqatda bo'lgan kishilarning hech birida koronavirus yo'q va ularning bugungi holati yaxshi, ularda kasallik belgilari aniqlanmadi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi xalqimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan har xil asossiz xabarlarga ishonib qolmay, faqat rasmiy manbalarning ma'lumotlaridan xabardor bo'lishingizni, vahimaga berilmasdan, iloji boricha uydan chiqmaslikni, ko'chaga yoki jamoat joylariga chiqqanda himoya niqoblarini taqishni, eng asosiysi, tavsiya etilayotgan sanitariya-gigienik qoidalarga qat’iy amal qilishni so'raydi.


O'zingizni va o'zgalarni asrang!


Qoraqlapog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Axborot xizmati