08.04.2020, Chorshanba

Voyaga etmaganlar huquqlari davlat himoyasida

Bugungi kunda Qoraqalpog'iston Respublikasida 18 yoshgacha bo'lgan voyaga etmaganlar soni 638 ming nafarga yaqin bo'lib, ular umumiy aholining taxminan 33,9 foizidan ortiqrog'ini tashkil etadi. Ma'lumki, 18 yoshgacha bo'lgan davrda insonning ongi, axloqi, ma'naviy qiyofasi shakllanadi. Shu bois voyaga etmaganlarning huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida jiddiy e’tibor berilmoqda. 



Hozirgi kunda voyaga etmaganlar o'rtasida o'zlariga yarasha muammolar ham yo'q emas. Shular qatorida ota-onalari nikohdan ajralgan va ota-onalari vafot etganligi sababli yoki ular uzoq muddatga chet elga ishlash uchun ketganligi sababli vasiylik yoki homiylik belgilangan voyaga etmaganlardir. Jamiyatimizda kupayayotgan ushbu toifadagi voyaga etmaganlar ayniqsa alohida himoya va g'amxo'rlikga muhtoj hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 10 bobi inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlariga bag'ishlangan bo'lib, 45-moddasida voyaga etmaganlar, mehnatka layoqatsizlar va yolg'iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir deyilgan. Chunki voyaga etmaganlar ham yordamga g'amxo'rlikga muxtoj hioblanadi. Voyaga etmaganlarning huquqlarini himoya qilish, ularnining ta'minot olishi, ta'lim olishini tashkil qilish davlat tomonidan amalga oshiriladi.

Joriy yil 10 mart kuni «Bola huquqlarining qo'shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinishi voyaga etmaganlarning huquqlarini ta'minlashda yana bir katta qadam bo'ldi.

Qonunning 1-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 68-moddasiga quyidagi mazmundagi jumla bilan to'ldirildi. «Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo'lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko'rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak».

96-moddasi quyidagi mazmundagi to'rtinchi qism bilan to'ldirildi. Unga ko'ra «Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o'n to'rt yoshga to'lgan bola bir vaqtning o'zida ota va onadan voyaga etmagan bolalarning ta'minoti uchun aliment undirish to'g'risida da'vo qo'zg'atishga haqli». Bundan buyon voyaga etmagan o'n to'rt yoshga to'lgan bola ota va onasidan aliment undirish to'g'risida da'vo qo'zg'atishga haqli bo'ladi.

Qonunning 2-moddasiga muvofiq «Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi O'RQ-139-sonli Qonuni 11-moddasining beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladigan bo'ldi. 

«Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan ota-ona (ulardan biri) yoki ota-onaning o'rnini bosuvchi shaxslar bolaga ta'minot, tarbiya va ta'lim berish bo'yicha majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola o'z huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so'rab vasiylik va homiylik organiga, shuningdek boshqa davlat organlariga mustaqil ravishda murojaat qilishga haqli. Bunday murojaatlarni bola to'liq muomala layoqatiga ega bo'lmaganligi sababli ko'rib chiqmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmaydi» .

«Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi O'RQ-139-sonli Qonunning 

15-moddasinin matni esa quyidagi tahrirda bayon etiladigan bo'ldi.

«Oilada har qanday masala hal qilinayotganda bola o'z fikrini ifoda etishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma'muriy muhokama jarayonida so'zlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo'lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko'rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak».

Mazkur qonunning 3-moddasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasining 

2014 yil 3 dekabrda qabul qilingan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida»gi O'RQ-378-sonli Qonuni 241-modda bilan to'ldirildi. Ya’niy Voyaga etmagan shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqishning o'ziga xos xususiyatlari deb nomlangan modda bo'lib.

Voyaga etmagan shaxslar o'z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga ushbu Qonunda belgilangan tartibda mustaqil ravishda murojaat berishga haqli. Davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan voyaga etmagan shaxsning murojaatlarini ko'rib chiqish uning qonuniy vakillari, shuningdek vasiylik va homiylik organlari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Voyaga etmagan shaxslar to'liq muomala layoqatiga ega bo'lmaganligi sababli ularning murojaatlarini ko'rib chiqmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmaydi.

Murojaatda qo'yilgan masalalarni hal etish o'z vakolatiga kirmaydigan davlat organlari, tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari murojaatni tegishli davlat organiga, boshqa tashkilotga yoki mansabdor shaxsga yoxud vasiylik va homiylik organiga yuborishi shart», degan yangi modda bilan to'ldirildi.

Mamlakatimizda voyaga etmaganlar muammolari bilan barcha davlat va jamoat tashkilotlarining, jumladan, voyaga etmaganlar muammolari bilan shug'ullanuvchi idoralarning amaldagi tuzilmalari o'zgartirilib, yangidan shakllantirilmoqda va bunda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog'iston Respublikasida voyaga etmaganlar muammolari bilan davlat organlari qatori nodavlat tashkilotlar, xususan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Yoshlar ittifoqi”, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “Sog'lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg'armasi, “Bolalar va oilani qo'llab quvvatlash” assosatsiyasi faol shug'ullanmoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning “Bizning bosh maqsadimiz yangi O'zbekistonni barfo etish, yangi O'zbekistonni barfo etishda eng katta qudrat, madad, kuch-quvvat bu – yoshlar, yangi O'zbekistonni yoshlarsiz tasavvur qilish mumkin emas”, –degan fikrlari voyaga etmaganlarni tarbiyalash va ijtimoiy himoya qilish juda muhim masala ekanligini ko'rsatadi.


Voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha 

Qoraqalpog'iston Respublikasi 

idoralararo komissiyasi mas’ul kotibi                           Q.Shamshetov