21.10.2019, Dushanba

Jo'qorg'i Kenges Raisi “10 kunda eng ko'p paxta tergan oila” tanlovi g'oliblariga “Spark” avtomashinalarini topshirdi


Avval xabar qilganimizdek, 2019 yilda etishtirilgan paxta hosilini nes-nobud qilmasdan yig'ib olish, mavsumni uyushqoqliq bilan o'tkazish hamda terimchilarni rag'batlantirish maqsadida joriy yilning 27 sentyabridan 7 oktyabriga qadar Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi tomonidan respublikamizning 3 ta hududi bo'yicha “10 kunda eng ko'p paxta tergan oila” tanlovi tashkil etilgan edi.

O'tgan 10 kun davomida respublikamizning 3 ta hududidagi 14 tumanda jami 172 oiladan 504 terimchi tanlovda ishtirok etib, ular tomonidan jami 439 tonna 674 kg paxta terib olindi.

Tanlovda ishtirok etgan oilalarning tergan paxta hosili ko'rsatkichlari ishchi guruh tomonidan holisona ko'rib chiqildi va ular orasidan eng ko'p paxta tergan 3 ta oila aniqlandi.



Shunday qilib, 1-hudud, ya’ni, To'rtko'l, Beruniy, Ellikqal’a va Amudaryo tumanlari bo'yicha g'oliblik Beruniy tumani, “Do'stlik” OFY da istiqomat qiluvchi Gulxumar Ruzimovaning oilasiga nasib qildi. G.Ruzimova mazkur tanlovga o'g'li, qizi va 3 nafar kelini bilan birgalikda qatnashib, 10 kunda jami 7 998 kg paxta terib, peshqadamlikka erishdi.

Tanlovning 2-hududi (Taxiatosh, Xo'jayli, Sho'manoy, Qonliko'l va Qo'ng'irot tumanlari) terimchilari o'rtasida o'tkazilgan tanlov birinchiligini Qonliko'l tumani, “Madeniyat” MFY da yashovchi Jiengul Eshjanovaning oilasi qo'lga kiritdi. Mazkur oila a'zolari belgilangan muddat ichida jami 8 261 kg paxta terishga muvaffaq bo'lishdi.

Shuningdek, Nukus tumani, “Kerder” OFY da istiqomat qiluvchi, 10 kunda jami 7 146 kg paxta terishga muyassar bo'lgan Ikrambay Atashovning oilasi esa 3-hudud (Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorao'zak va Taxtako'pir tumanlari) g'olibiga aylandi.



Joriy yilning 8 oktyabr kuni Beruniy, Qonliko'l tumanlari, bugun, ya’ni, 9 oktyabr kuni Nukus tumanining paxta dalalarida mazkur tanlov g'oliblari va sovrindorlarini  taqdirlash marosimlari o'tkazildi.

Tadbirda so'zga chiqqan Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining Raisi M.Erniyazov paxta dalalarida haqiqiy mehnat namunalarini ko'rsatgan tanlov g'oliblarini erishgan yutuqlari bilan samimiy tabrikladi va ularga bosh sovrin — “Spark” avtomashinalarini tantanali ravishda topshirdi. Tanlovning ikkinchi o'rin egalari muzlatgich, 3 o'rin egalari gaz plitasi, shuningdek, ilg'or terimchilar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandi.

Paxta dalalarida terimchilar uchun osh tortiq qilinib, san’atkorlar ijrosida kontsert dasturi ham havola etildi.

Albatta, yurtimizda uyushqoqlik bilan o'tkazilayotgan paxta mavsumi, tashkil etilayotgan bu kabi tanlovlar fuqarolarimizning mo'maygina daromad topishiga, oila byudjeti mablag'ining ko'payishiga va turmush tarzining yanada yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Ma'lumot uchun, bundan avval Amudaryo tumanidagi “Sardor suvchi” fermer xo'jaligining raisi O'rinboy Matyakubovga “Cobalt” avtomashinasi sovg'a qilingan edi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi axborot xizmati