21.10.2019, Dushanba

“Majburiy mehnat” o'z tasdig'ini topmadi

Joriy yilning 2 oktyabr sanasida Qoraqalpog'iston Respublikasi To'rtko'l tumanida istiqomat qiluvchi ismi-sharifini sir tutgan fuqaroning “ozodlik.org” saytiga murojaati shaklidagi “Pensiya jamg'armasi xodimlari 90 kilometrdan qatnab paxta terishga majburlanmoqda” sarlavhali tanqidiy materiali e’lon qilindi. Mazkur holat bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi quyidagicha rasmiy ma'lumot berdi.

Mazkur javob hech qanday o'zgarishlarsiz e’tiboringizga havola qilinadi:

Qoraqalpog'iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan “Ozodlik” ijtimoiy tarmog'ida Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limi xodimlari shanba-yakshanba kunlari paxta terimiga majburan olib chiqilmoqda degan mazmunda tarqalgan xabar yuzasidan Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limida o'rganish o'tkazildi.

O'rganish: Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limi boshlig'i o'rinbosari N.Xakimov ishtirokida o'tkazildi.

Mazkur o'rganish davrida quyidagilar ma'lum bo'ldi, Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limida ishlovchi jami 19 nafar xodimdan 15 nafari o'z ish o'rinlarida ishlayotganligi, 4 nafar xodim sababli o'z ish o'rnida yo'qligi aniqlandi. Ya’ni, o'rganish o'tkazilgan kuni Pensiya jamg'armasi tuman bo'limi boshlig'i B.Zakirjonov ish haqi saqlanmagan xolda ta'tildaligi, ikki nafar xodim mehnat ta'tildaligi, bir nafar xodim kasalligi tufayli kasalxonada bo'lganligi sababli o'rganish jarayonida qatnashmadi. (Xodimlar ro'yxati, buyruq nusxalari ilova qilingan).


O'rganish o'tkazilgan kuni o'z ish o'rnida bo'lgan 15 nafar Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limi xolimlari bilan alohida suhbat o'tkazildi, suhbat jarayonida 11 nafar xodim shanba-yakshanba kunlari paxta terimiga chiqmaganliklari, o'z uylarida, uy ishlari bilan shug'ullanib dam olganliklarini ma'lum qilishdi. 4 nafar xodim o'z ixtiyorlari bilan qo'shimcha daromad topish uchun 2019 yil 28, 29 sentyabr shanba-yakshanba dam olish kunlari paxta terimiga borib paxta terganligini, Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limi boshlig'i tomonidan shanba-yakshanba dam olish kunlari majburan paxta terimiga chiqarilmaganligini ma'lum qilishdi. 


Xulosa qilganda Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limi xodimlari shanba-yakshanba dam olish kunlari paxta terimiga majburiy jalb qilinmaganligi aniqlanib, ushbu xabar o'z tasdig'ini topmadi. (Tushuntirish xatlari ilova qilingan). 

Yuqoridagilarni inobatga olib, Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi To'rtko'l tuman bo'limi tomonidan O'zbekiston Respublikasining mehnat munosabatlari sohasiga oid qonun hujjatlari talablari buzilishiga yo'l qo'yilmagan.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Axborot xizmati