21.10.2019, Dushanba

Taraqqiyotga intilayotgan Amudaryo

Bugungi kunda butun respublika kabi Amudaryo tumanida ham  faol investitsiya siyosati yuritilmoqda, zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, tadbirkorlik, barcha soha va tarmoqlarda innovatsion texnologiyalar,  ilm-fan yutuqlari, yangicha va ijodiy yondoshuvlarni joriy etishga alohida e’tibor berilmoqda. Qishloq xo'jaligida zamonaviy, istiqbolli tarmoqlarga asos solinib, klaster tizimini yo'lga qo'yish, fermer xo'jaliklarining natijadorligini kuchaytirish bo'yicha quvonarli ishlar olib borilmoqda.



Amudaryo tumanida barcha sohalar qatorida iqtisodiy sohada ham yuqori ko'rsatkichlarga erishilmoqda. Xususan, joriy yilning 1 sentyabr holatiga ko'ra yangi tashkil etilgan yuridik korxonalar soni 217 tani, yangidan ro'yxatdan o'tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni esa 564 nafarni tashkil qiladi. 

Joriy yil yanvar-avgust oylarida tumanda jami 229,7 mlrd. so'mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo'lib, o'sish sur’ati 100,7 foizni tashkil etdi. Shu vaqt mobaynida tumanda jami 437,5 mlrd. so'mlik qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirilib, o'sish sur’ati 102,9 foizga etdi.

Shuningdek, tumanda 10 ta hududiy eksportyor korxonalar mavjud. 1 sentyabr holatiga ko'ra 1 mln. 428 ming AQSh dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, shu yilning 8 oyi davomida aholi bandligini ta'minlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasidagi ishlarni amalga oshirish, bandlikka ko'maklashish, xotin-qizlar va oilani qo'llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratildi. Tumanda import o'rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil qilishni nazarda tutadigan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo'yicha bir qancha loyihalar, xususan,  “Chinni va shisha buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi ishga tushirildi.

Aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida investitsiya dasturiga muvofiq qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Mang'it shahrining Yangiobod mahallasi Gurlan ko'chasida, Boyovul mahallasi Qilichboy ko'chasida, Yangiobod mahallasining  Amudaryo ko'chasida joylashgan ko'p qavatli uylarda mukammal ta'mirlash va rekonstuktsiya ishlari bajarildi. 


 2019 yilda yangi ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash Dasturi” bo'yicha joriy yil 8 oy davomida amalda 1251 ta yangi ish o'rinlari yaratildi. Tuman hokimi qarori bilan tegishli korxona va tashkilotlar hisobidan  2019  yil   uchun 81 ta ish o'rinlarining eng kam miqdori (kvota) belgilab qo'yilgan bo'lib, 8 oy davomida ko'plab fuqarolar ish o'rinlari bilan ta'minlandi. 

Shuningdek, kam ta'minlangan, nogironligi bo'lgan insonlarga alohida g'amxo'rlik ko'rsatish, fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, jamiyatning himoyaga muhtoj qatlamlarini, etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni qo'llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shohobchalarini hamda ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun yosh tadbirkorlarga tuman hokimining qarori bilan ko'plab sharoitlar yaratildi. 

Shu bilan birgalikda, tumanda mamlakat ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari ijrosiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan,  yosh oilalarga 2019 yil davomida yangi qurilgan ko'p qavatli uylar imtiyozli ravishda  berildi. 


“Obod qishloq”  dasturlari mamlakatimizning eng chekka hududlariga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirmoqda. Odamlarning fikri, dunyoqarashi o'zgarib, qishloqlarimizda turmush madaniyati oshib bormoqda. Birgina bizning tumanimizda dastur doirasida joriy yilda Qilichboy, Choyko'l ovullarida va Beshtom  mahallalarida qurilish va bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Dasturga asosan qurilib, foydalanishga topshirilgan Beshtom MFY binosi, mukammal ta'mirlashdan chiqarilgan Choyko'l ovul fuqarolar yig'ini va Qilichboy ovul fuqarolar yig'ini binolari  mahalla ko'rkiga ko'rk, odamlar qalbiga quvonch bag'ishladi.




2017-2021 yillarda birgina Qoraqalpog'iston Pespublikasining 11 ta tumanlaridagi bolalar va o'smirlar sport maktablari qoshida yopiq suv havzalarini yangidan qurish dasturiga binoan Amudaryo tumanida zamonaviy ko'rinishdagi yopiq suv havzasi inshooti foydalanishga topshirildi. 




Kechagi va bugungi kunimizni  tobora solishtirar ekanmiz, aholi farovonligi va mamlakat iqtisodiyoti yuksalib borayotganini ko'ramiz. Eng asosiysi, inson manfaatlari hamma narsadan ustun sanalib, jamiki islohotlar samarasi xalqimiz farovonligiga, tinch-osuda yashashiga, o'z hayotidan o'zi  rozi bo'lishiga qaratilmoqda. Yuksalishlar, yangilanishlarni tumanimiz misolida ko'radigan bo'lsak, amalga oshirilayotgan ishlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz.



Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Axborot xizmati