28.03.2024, Payshanba

“Mo‘ynoq-2019” avtoralli bo‘yicha ochiq sport musobaqasining ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining tabrik so‘zi


Assalomu alaykum musobaqa ishtirokchilari, 
hurmatli hakamlar hay’ati a’zolari, 
aziz mehmonlar!

O‘zbekiston Respublikasida keyingi yillarda 
ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa mamlakatimizda turizm sohasini, shu jumladan, etnoturzm, ziyorat turizmi va boshqalar bilan bir qatorda sport turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 
5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 
PF-5611-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Kontseptsiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2019 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi”ning 19-bandida mahalliy va xorijiy avto va moto sport federatsiyalari ishtirokida Ustyurt yassiligidagi ekstremal marshruti bo‘ylab avtoralli tashkil qilish va o‘tkazish belgilangan edi. 
Ushbu Farmon asosida Ustyurt yassiligidagi ekstremal marshrut bo‘ylab avtoralli o‘tkazish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida tashkiliy qo‘mita tuzilib, tegishli ishlar amalga oshirildi.
Mazkur sport musobaqasini joriy yil 2-5 may kunlari Mo‘ynoq - Orol dengizi yo‘nalishi (marshrut) bo‘yicha tashkil etish ham belgilab olindi. 
“Mo‘ynoq-2019” avtoralli bo‘yicha ochiq sport musobaqasida 
126 nafar sportchi 2 baggi, 20 mototsikl, 43 sport avtomashinasida ishtirok etish uchun ariza topshirgan bo‘lsa, ular orasida qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi vakillarining ishtirok etayotganligi barchamiz uchun quvonarli, albatta.
Musobaqa ishtirokchilari umumiy hisobda 440 km masofani bosib o‘tishi, Orol dengizi sohillarida bo‘lib, Mo‘ynoq tumani markaziga qaytib kelishi ko‘zda tutilgan. 
Musobaqa g‘oliblari va sovrindorlari 2 toifa bo‘yicha aniqlanib, ularga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari berilishi rejalashtirilgan.
Bunday sport musobaqalarining o‘tkazilishi Respublikamizning nafaqat turizm salohiyatini oshirishga va mavjud turistik infratuzilmaning rivojlanishiga, balki yoshlarimizni vatanparvarlik va mardlik ruhida tarbiyalanishiga xizmat qiladi.
So‘zimning yakunida barchangizni yaqinlashib kelayotgan 9 may “Xotira va qadrlash kuni” umumxalq bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi nomidan qizg‘in tabriklayman hamda bugungi sport musobaqalarida omadlar tilayman.

E’tiboringiz uchun raxmat!