21.09.2019, Shanba

25 oktyabr O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qaxraman Ramatullaevich Sarievning tabrik so'zi


Bugungi kunda bevosita Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo'lida qator islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Mazkur islohotlar natijasi o'laroq yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlar aholining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotida o'z aksini topmoqda. Bu o'z navbatida jahon hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilib, mamlakatimizning dunyo miqyosidagi obro'sining mustahkamlanib borishiga xizmat qilmoqda.

Bugun biz qanday yutuq va marralarni qo'lga kiritmaylik barchasining zamirida yurtimizda hukm surgan tinchlik-osoyishtalik va barqaror turmush tarzining qaror topganligi turadi. Chunki, har qanday davlat va jamiyat xayotida qonun ustuvorliginining ta'minlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari qatorida ichki ishlar organlariga ham qator vazifalar yuklatilgan bo'lib, soha vakillari aholining tinch va farovon hayotini ta'minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, shuningdek, jamiyatining boshqada hayotiy muhim vazifalarini amalga oshirishda o'zining alohida o'rniga egadir.

Shuni hisobga olgan holda 2007 yildan buyon 25-oktyabr sanasi «O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni» sifatida alohida belgilanib kelinmoqda.

O'tgan qisqa vaqt mobaynida Prezidentimiz Sh.Mirziyoev boshchiligida tizim faoliyatini tubdan isloh qilish yuzasidan qator qonun hujjatlari qabul qilinib, uning markazida ichki ishlar organlarini aholiga o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatadigan, har bir xodim «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o'z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo'naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish vazifasi turadi.

Shu boisdan ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha ishiga axborot-texnologiyalarini joriy etish, xodimlarga qulay ish sharoitini yaratish, ijtimoiy himoyalash, uy-joy  va zarur transport vositalari bilan ta'minlash ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Buning natijasida soha faoliyatida ijobiy o'zgarish va olg'a siljishlar kuzatilib, mamlakatda jinoyatchilik sonining kamayishi tufayli jahon hamjamiyati tomonidan xavfsiz hududlardan biri sifatida tan olindi.

Shu o'rinda aytib o'tish joizki, bugungi kunda ichki ishlar organlari nafaqat huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish, balki, xalq bilan yaqindan muloqotni yo'lga qo'yish orqali aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yuksaltirishda ham o'z hissasi bilan ishtirok etib kelmoqda. Xususan, barcha hududlardagi 3-sektorga ichki ishlar organlari rahbarlari mas’ul etib tayinlangan. Bu orqali joylardagi mavjud muammolarni bartaraf etish, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam berish,  tadbirkorlikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash barobarida bandlikni ta'minlash kabi qator masalalar o'z echimini topmoqda.

Umumiy tarzda aytganda Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan «Xalq davlat idorlariga emas, davlat idoralari xalq uchun xizmat qilishi kerak» degan tamoyil bugun ichki ishlar organlari faoliyatida ustuvor vazifaga aylangan.

So'zimiz yakunida barcha ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami kuni bilan tabriklab, o'zlariga sog'liq-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va Vatan tinchligi yo'lidagi mashaqqatli ishlarida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.


 Q.SARIEV,

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi