28.03.2024, Payshanba

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 maydagi «Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ-3751-sonli qarori haqida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 maydagi «Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar

to'g'risida»gi PQ-3751-sonli qarori haqida

 

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 maydagi «Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya  va servis xizmatlarini ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora- tadbirlar to'g'risida»gi PQ-3751-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

QAROR QILADI:

1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 maydagi «Qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya  va servis xizmatlarini ko'rsatish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi PQ-3751-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqoridagi qarori bilan quyidagilar:

a) «O'zagroservis» AJga «O'zavtosanoat» AJ va «Agrobank» ATB bilan birgalikda ikki oy muddatda «Avtosanoat Agrotexservis» MChJ va «O'zagroservis» AJ mashina-traktor parklari tizimini optimallashtirish bo'yicha hukumat qarori loyihasini O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish va optimallashtirishning barcha jarayonlarini 2018 yilning 1 oktyabriga qadar yakunlash topshirilganligi;

 

b) O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi, «O'zagrotexsanoatxolding» AJ, «O'zavtosanoat» AJning:

2018 yil 1 iyuldan «O'zagroservis» AJning «O'zagrotexsanoat xolding» AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqarishi;

«O'zagroservis» AJ ustav jamg'armasidagi «O'zagrotexsanoatxolding» AJga tegishli bo'lgan ulushni «O'zagrotexsanoatxolding» AJ ustav jamg'armasini o'tkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirgan holda davlat tasarrufiga o'tkazish to'g'risidagi takliflari ma'qullanganligi;

v) Maxfiy:

g) «O'zagroservis» AJ Kuzatuv kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq ma'qullanganligi:

«O'zagroservis» AJ O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi savdo faoliyatini, eksport salohiyatini, mashinasozlik, avtomobil, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash sanoatini, engil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi tarkibiga kiritilganligi;

«O'zagroservis» AJ bosh direktori jamiyat aktsiyadorlarining umumiy yig'ilishi tomonidan saylanishi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanishi va maqomiga ko'ra vazirga tenglashtirilishi;

«O'zagroservis» AJ bosh direktori o'rinbosarlari jamiyatning Kuzatuv kengashi tomonidan saylanishi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tasdiqlanishi va maqomiga ko'ra vazir o'rinbosariga tenglashtirilishi belgilab qo'yilganligi;

d) O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, «O'zagroservis» AJ, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining 2018 yil 1 noyabrdan quyidagilar orqali mashina-traktor parklarini boshqarishning eng samarali shaklini tanlash bo'yicha eksperiment (keyingi o'rinlarda - eksperiment) o'tkazish to'g'risidagi taklifiga rozilik bildirilganligi;

«O'zagroservis» AJning 2-ilovaga muvofiq 26 ta mashina-traktor parklarini tadbirkorlik sub’ektlariga sotishi;

«O'zagroservis» AJning 3-ilovaga muvofiq 3 ta mashina-traktor parklarini davlat unitar korxonalariga (keyingi o'rinlarda - «Tuman MTP» DUK) aylantirish topshirilganligi;

e) «O'zagroservis» AJga mashina-traktor parklarini sotish Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimlari tomonidan 2018 yil 31 dekabrgacha quyidagilar orqali ta'minlanish;

baholash bo'yicha ishlar harajatlarini tegishli mashina-traktor parklari mablag'lari hisobidan qoplagan holda mashina-traktor parklarining mulki va mulkiy huquqlarini baholashi;

bir yoki bir nechta tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamg'armasidagi ta'sischi ulushini ellik bir foizidan yuz foizigacha bozor narxida sotib olish bo'yicha eng yaxshi takliflar tanlovini e’lon qilishi va o'tkazishi;

mashina-traktor parklarining ustav jamg'armasidagi yuz foiz ulush sotib olingan vaqtdan boshlab ikki yil davomida tashkiliy-huquqiy shakl 
va asosiy faoliyat turini (mexanizatsiya va servis xizmatlari ko'rsatish) saqlab qolish sharti bilan «O'zagroservis» AJ va tadbirkorlik sub’ektlari o'rtasida tegishli shartnoma tuzish;

mashina-traktor parklarining ustav jamg'armalaridagi ta'sischi ulushini sotishdan kelib tushgan barcha mablag'larni «O'zagroservis» AJ tashkilotlarining qarzdorliklarini qoplashga yo'naltirish belgilab qo'yilganligi;

Ta'sischining tegishli mashina-traktor parklarining ustav jamg'armalaridagi ulushini baholash qiymati bo'yicha sotish imkoni bo'lmagan taqdirda, «O'zagroservis» AJ sotishga qo'yilgan aktivlarning narxlarini O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 iyuldagi PQ-2200-son «Davlat mulki ob’ektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga sotish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida nazarda tutilgan tartibda bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmini qo'llash to'g'risida qaror qabul qilishga haqliligi;

«O'zagroservis» AJ mashina-traktor parklarini «Tuman MTP» DUKga aylantirish tegishli viloyatlar hokimliklari tomonidan 2018 yilning 
31 dekabrigacha quyidagilar orqali ta'minlanishi;

mashina-traktor parklarining ustav jamg'armalaridagi ulushni keyinchalikda ularni «Tuman MTP» DUKga aylantirgan holda tegishli tuman hokimliklariga balans qiymati bo'yicha o'tkazish;

«O'zagroservis» AJ ustav jamg'armasidagi davlat ulushini tuman hokimliklariga o'tkazilayotgan ulushning balans qiymatiga kamaytirilishi;

tegishli tuman hokimliklari tomonidan «Tuman MTP» DUK ustavlarini tasdiqlash, shuningdek ularni malakali kadrlar bilan to'ldirish;

Tadbirkorlik sub’ektlariga sotilgan mashina-traktor parklari, shuningdek «Tuman MTP» DUK tegishlicha «O'zagroservis» AJning sotiladigan va qayta tashkil etiladigan mashina-traktor parklarining barcha huquqlari va majburiyatlari bo'yicha huquqiy vorislari hisoblanishi;

Tegishli tuman hokimligi «Tuman MTP» DUKning ta'sischisi hisoblanishi va mazkur korxonaning mulki etarli bo'lmagan hollarda uning majburiyatlari bo'yicha subsidiar tarzda javobgar bo'lishi;

Tadbirkorlik sub’ektlariga sotilgan mashina-traktor parklari 
va «Tuman MTP» DUKlarga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 
2016 yil 17 noyabrdagi PQ-2658-son «O'zagrotexsanoatxolding» aktsiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorining 14-bandi bilan «O'zagrotexmash» AJ va «O'zagroservis» AJ tashkilotlari uchun belgilangan barcha bojxona, soliq imtiyozlari va preferentsiyalar, bo'shagan mablag'larni qarzdorlikni yopishga yo'naltirgan holda, tatbiq etilishi belgilab qo'yilganligi;

yo) 2019 yilda «Tuman MTP» DUKlarga Qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berishning maqsadli parametrlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

j) Maxfiy;

z) Eksperimentda ishtirok etuvchi tashkilotlarga quyidagilarni ta'minlash;

mashina-traktor parklari tomonidan ko'rsatiladigan mexanizatsiya 
va servis xizmatlari ro'yxatini kengaytirish, jumladan yuk va engil avtotransport vositalariga hamda texnikaning boshqa turlariga servis xizmatlari ko'rsatishni yo'lga qo'yish;

mashina-traktor parklari faoliyatiga investorlarni, jumladan ularga xonalar, bino va inshootlarni ijaraga berish hamda mashina-traktor parki hududida birgalikda tadbirkorlik faoliyatini olib borish yo'li bilan jalb qilish;

tegishli mashina-traktor parklarining jihozlarini modernizatsiya qilish, shuningdek mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko'rsatish uchun zarur bo'lgan jihozlarning yangi zamonaviy turlarini sotib olish tavsiya etilganligi;

 

i) «O'zagroservis» AJga;

bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda «O'zagroservis» AJ va uning tashkilotlari xodimlarining ish haqi fondi miqdorini oshirish bo'yicha aniq choralar ko'rish;

ikki oy muddatda, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda real vaqt rejimida mexanizatsiya xizmatlari ko'rsatishning yagona elektron hisobini yuritish             va monitoring qilishni joriy etish choralarini ko'rish, bunda ushbu tizimning «O'zagroservis» AJ uchun ochiq bo'lishini ta'minlashni nazarda tutish;

2019 yil 1 yanvariga qadar tegishli huquq va majburiyatlarni «O'zagroservis» AJga o'tkazgan holda hududiy «Agroservis MTP» MChJlarni «O'zagroservis» AJ tarkibiga qo'shib yuborishning maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi masalani ko'rib chiqish topshirilganligi;

y) «O'zagrotexsanoatxolding» AJga manfaatdor vazirliklar  va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga;

«O'zagrotexmash» AJ va «O'zagrotexsanoatxolding» AJlarning 
bir-birini takrorlovchi funktsiyalari va tuzilmalarini, ularni birlashtirish hamda «O'zagrolizing» AJni «O'zagrotexsanoatxolding» AJning tashkiliy tuzilmasidan chiqarish yo'li bilan optimallashtirish to'g'risida;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o'zgartirish 
va qo'shimchalar to'g'risida taklif kiritish topshirilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

3. «Qoraqalpog'iston Agroservis MTP» MChJ ikki oy muddatda:

Tumanlar hokimliklari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish qo'mitasi bilan birgalikda «O'zagroservis» AJ tashkilotlarining bo'sh to'rgan va foydalanilmayotgan binolari                              va inshootlarini to'liq xatlovdan o'tkazsin hamda ularni tashkilotlarning O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg'armalari oldidagi qarzdorliklarini tegishli ravishda kamaytirgan holda balans qiymati bo'yicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga o'tkazish to'g'risida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga takliflar kiritsin.

4. «Qoraqalpog'iston Agroservis MTP» MChJ (Hakimov), Qishloq xo'jaligi vazirligi (Aminov), Moliya vazirligi (Sodiqov) Amudaryo (Yo'ldashev), Xo'jayli (Qaypov) tumanlar hokimlari bilan birgalikda «Amudaryo Agroservis MTP» MChJ va «Xo'jayli Agroservis MTP» MChJlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish hamda 2018 yil 1 noyabrdan mashina-traktor parklarini boshqarishning eng samarali shaklini tanlash bo'yicha eksperiment (keyingi o'rinlarda - eksperiment) o'tkazsin.

5. Amudaryo (Yo'ldashev) va Xo'jayli (Qaypov) tumanlari hokimlariga eksperimentning muvaffaqiyatli o'tkazilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

6. Qoraqalpog'iston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashiga qishloq xo'jaligi texnikasini etkazib berish, ta'mirlash hamda mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha shartnoma majburiyatlarining bajarilishi ustidan tizimli monitoring  va jamoatchilik nazoratini olib borish, ularning natijalari bo'yicha fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari manfaatlarini kuzlab sudlarga da'vo arizalari kiritish tavsiya etilsin.

7. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2018 yil 5 yanvardagi «O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 yanvardagi «Qishloq xo'jaligining texnik jihozlanish darajasini yanada oshirish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ-3459-sonli qarori haqida»gi 12-sonli qarorining 5-bandi o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.

8. «Qoraqalpog'iston Agroservis MTP» MChJ, manfaatdor vazirlik   va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga taklif kiritsin.

9. Qoraqalpog'iston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish qo'mitasi, «Qoraqalpog'iston Agroservis MTP» MChJ, tumanlar hokimliklari har chorakda Vazirlar Kengashiga mazkur qarorning ijro holati to'g'risida axborot kiritib borsinlar.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni o'z zimmamda qoldiraman.

 

 

Qoraqalpog'iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi                                Q.Sariev